O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan kichik va o‘rta biznesning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash loyihasini amalga oshiradi. Bu haqdac Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi qarorida ma’lum qilingan.

Mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi bitim o‘tgan yil aprel oyida imzolangan edi. Bitim doirasida ITB loyihani amalga oshirish uchun $30 mln, uning guruhiga kiruvchi Islom birdamligi taraqqiyot jamg‘armasi (ISDF) — yana $10 mln ajratadi.

Pulning asosiy qismi — $30 mln murobaha tamoyili bo‘yicha kichik biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi kreditlar bo‘yicha kafillik berish uchun $7,5 mln oladi.

Yana $1,75 mln biznes injiniring va salohiyatni oshirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Summaning qoldig‘i loyihani boshqarish xarajatlari, audit va kutilmagan xarajatlar uchun zaxirani o‘z ichiga oladi.

Mablag‘lar 10 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. ITB krediti bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov miqdori 10 yillik o‘rtacha svop ko‘rsatkichiga 1,85% qo‘shilgan miqdorga teng bo‘ladi.

Moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash dasturi 2025−2027 yillarda amalga oshiriladi. Ushbu dasturga turli manbalardan jami $100 mlngacha mablag‘ jalb etish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘mon sultonligining “Sohar International banki” O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Bank vakillari strategik qarashlarini taqdim etib, O‘zbekiston bank tizimining investitsion salohiyatini yuqori baholashdi.