Avvalroq davlat rahbari tomonidan “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun imzolangani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank bu bo‘yicha izoh berdi.

Hujjat bilan kafolatlangan omonat miqdori bir bankda bir omonatchiga 200 mln so‘m etib belgilandi. Bu talab bankka qo‘yiladigan yangi omonatlarga nisbatan tatbiq etiladi va qonun kuchga kirgungacha qo‘yilgan omonatlar miqdoridan qat’i nazar to‘liq kafolatlanadi.

Markaziy bank omonatlarni belgilangan miqdorda kafolatlashning muhim jihatlaridan biri bank tugatilgan taqdirda, omonatchilarga ularning mablag‘larini qaytarish ekanligini qayd etdi. Shu bilan birga, “bu banklarni yuqori foiz stavka bilan emas, balki barqaror faoliyat bilan raqobatlashishga undaydi”.

Kafolatlangan omonatlar miqdorining 200 mln so‘mgacha cheklanishi fuqarolarning bankka undan ko‘p miqdorda pul qo‘yishlarini cheklamaydi. Bu faqat bank tugatilgan taqdirda qo‘llaniladi, boshqa hollarda banklar omonatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini shartnoma asosida bajaradi.

Amalda omonatlarni qaytarish muddati 83 kunni tashkil etgan bo‘lsa, endi bu 20 ish kuniga kamaytirildi. 2027-yilgacha bosqichma-bosqich 7 kunga qisqartiriladi. Omonatlarni kafolatlash agentligi belgilangan muddatda kompensatsiyani to‘lab berishi kerak. Zarur hollarda esa agentlik bu muddatdan ham oldin to‘lab berishi mumkin bo‘ladi.

“Agarda siz kompensatsiya to‘lab berish uchun belgilangan muddat ichida o‘z mablag‘laringizni qaytarib olishga ulgurmagan bo‘lsangiz ham xavotirga o‘rin qolmaydi, ya’ni o‘z pullaringizni agentlikdan istalgan vaqtda qaytarib olishingiz mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Kafolatlangan omonatlarning cheklanishi

2024-yilning avgust kuni Qonunchilik palatasi omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Joriy yilning yanvar oyida qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan omonatlarni to‘liq himoya qilish bilan bog‘liq muammolar mavjudligi aniqlangan. Bunday yondashuv aholini “bankning moliyaviy ahvoli va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan” yuqori foiz stavkasida pul qo‘yishga undaydi.

Markaziy bank yuqori chegaraning belgilanishi natijasida omonatchilarning 99,7%i to‘liq qamrab olinishini bildirdi. Kompensatsiya miqdori fuqarolarning qonun kuchga kirgan sanadan oldin ochilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

“Spot” cheklashning maqsadga muvofiqligi, belgilangan chegaraning yetarliligi va bank tizimi uchun xatarlar haqida mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Ekspertlar regulyator tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, yuqori chegarani oshirishni taklif qilishdi.

Avvalroq Markaziy bank omonatni yopishda mablag‘larning kelib chiqishini tasdiqlash talab etilmasligini ma’lum qilgandi. Regulyatorning “Spot"ga aniqlik kiritishicha, bu talab faqat yirik miqdordagi xalqaro pul o‘tkazmalariga tegishli.