28-fevral kuni iqtisodiyotda raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor rolini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan mulkchilik shaklidan qat’i nazar bir yoki bir nechta xo‘jalik yurituvchilar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, yagona operatorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun taqdim etilgan mutlaq huquq eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etiladi:

Bu quyidagilar asosida berilgan bo‘lsa, amal qiladi:

  • qonunchilik hujjatlari bilan istisno tariqasida berilgan ruxsat (huquq);
  • umumiy tartibdan tashqari ravishda berilgan yakka tartibdagi litsenziya (ruxsatnoma).

Tanlov yoki tender asosida taqdim etilgan litsenziya va ruxsatnomalar eksklyuziv huquq sifatida e’tirof etilmaydi.

2025-yilning 1-aprelidan eksklyuziv huquq xo‘jalik yurituvchilarga qonunlar va prezident farmoni hamda qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.

Ularga bu huquq konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish maqsadlari uchun taqdim etiladi.

Shuningdek, 1-apreldan quyidagi xo‘jalik yurituvchilarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:

  • “O‘zbekekspertiza” va uning hududiy bo‘linmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish bo‘yicha;
  • “O‘zInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha;
  • “Milliy PR-markazi"ning O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish bo‘yicha;
  • “Sag agro MTP"ning yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha;
  • “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha.

“Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” korxonasining bir qator vazifalari Turizm qo‘mitasiga o‘tkaziladi.

Bular qatorida turoperator, joylashtirish vositalari, tog‘ chang‘isi trassalari va plyajlar xizmatlarini sertifikatlashtirish, ularga toifa berish, shuningdek, sertifikatlashtirilgan xizmatlarining standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish bor.

O‘tgan yilning iyun oyidan qabul qilingan prezident farmoni bilan 2025-yildan “O‘zmetkombinat”, “O‘zikkilamchiranglimetall”, “O‘ztreyd” hamda “O‘zkimyoimpeks"ning maxsus huquqlari bekor qilinishi belgilangandi. Shu bilan birga, 2026-yilning 1-iyulidan boshlab “UzGasTrade” hamda “O‘zenergosotish"ning ham eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi.

Avgust oyida Raqobatni rivojlantirish konsepsiyasi asosida energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmatlari kabi qator sohalarda 17 turdagi davlat monopoliyasini bosqichma-bosqich tugatish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.