Elektromobillar AQShda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni deyarli bir yarim barobarga oshirdi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, AQShda yengil elektromobillarning elektr energiyasi iste’moli 46%ga o‘sib, 11,1 teravatt-soatni (TVt*soat) tashkil etdi. Talabning 73%i elektromobillarga, 27%i esa gibridlarga to‘g‘ri keldi.
AQShda yangi yengil avtomobillar savdosida elektromobillar ulushi 2024-yilning ikkinchi va uchinchi choraklari oralig‘ida 19,1 foizdan 21,2 foizgacha oshdi.
Beshta shtat: Kaliforniya, Nyu-York, Texas, Florida va Vashington sohani rivojlantirish drayverlari bo‘lib qolmoqda.
2024-yil yakuniga ko‘ra, AQShda umumiy foydalanishdagi elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalarining 44 foizi (67,5 ming donadan 30 mingtasi) ularning hissasiga to‘g‘ri keldi.
Donald Trampning birinchi prezidentlik farmonlaridan biri 2022-yilgi Inflyatsiyani pasaytirish to‘g‘risidagi qonunga (Inflation Reduction Act) muvofiq to‘lanadigan elektr yoqilg‘i quyish shoxobchalari qurilishi uchun subsidiyalarni to‘xtatib qo‘ydi. Shu sababli, AQShda zaryadlash infratuzilmasining rivojlanish sur’ati sekinlashishi mumkin.
Avvalroq “Spot” yanvarda O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi keskin pasaygani haqida yozgandi.
Ko‘rsatkich miqdor jihatidan 82%, qiymat jihatidan esa 85% dan ortiqqa kamaygan. Eng yuqori pasayish gibrid avtomobillar importida qayd etildi.