Irlandiya regulyatori TikTok’ni yevropaliklarning ma’lumotlarini Xitoyga noqonuniy o‘tkazgani va shaffoflikni yetarli darajada ta’minlamagani uchun 530 mln yevro jarimaga tortdi.
Jarimaga TikTok yevropaliklarning shaxsiy ma’lumotlarini Xitoyga noqonuniy ravishda yuborgani va foydalanuvchilar bilan yetarlicha shaffof bo‘lmagani sabab bo‘lgan.
Kompaniya ma’lumotlarni Xitoyga o‘tkazgani uchun 485 mln yevro va maxfiylik siyosatida shaffoflik yo‘qligi uchun 45 mln yevro jarimaga tortildi.
Regulyator TikTok Yevropa Ittifoqining asosiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalarini buzganini ma’lum qildi.
Kompaniya yevropalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini Xitoyga yuborgan, biroq Xitoyning kuzatuv qonunlari tufayli bu ma’lumotlarning xavfsizligini kafolatlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Komissiya, shuningdek, TikTok 2020−2022-yillar davomida shaffoflik qoidalarini buzganini ma’lum qildi, chunki u foydalanuvchilarni shaxsiy ma’lumotlarning Xitoyga uzatilishi haqida xabardor qilmagan.
TikTok Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasining xulosalariga “qat'iy qarshi ekanligini” bildirdi va to‘liq hajmda apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.
Bu jarima Irlandiya regulyatori tomonidan qo‘llanilgan eng yirik jarimalar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Ilgari Meta korporatsiyasi 1,2 mlrd yevro, texnologiya giganti Amazon esa 746 mln yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Apple va Meta’ni jarimaga tortishi mumkinligi haqida yozgandi. Bunga kompaniyalarning monopoliyaga qarshi qoidalarni buzgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.