Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishish ishlarini jadallashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan ayrim hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu o‘zgarishlar davlat ishtirokidagi korxonalarning eksklyuziv huquqlarini bekor qilish, bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligini ta’minlashga qaratilgan.

Xususan, O‘zenergosotish davlat kompaniyasining O‘zbekistonda elektr energiyasining yagona xaridori maqomi bekor qilinmoqda. Boshqa kompaniyalar litsenziyaga ega bo‘lgan taqdirda energiyaning ulgurji va chakana savdosiga qo‘yiladi.

Shuningdek, O‘ztransgaz'ning yagona operator sifatida tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha eksklyuziv huquqi tugatiladi. Shu bilan birga, kompaniya import va eksport gazini o‘z ichiga olgan “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib berish bilan shug‘ullanishda davom etadi.

2024-yilning iyun oyida prezident O‘zmetkombinat, O‘zikkilamchiranglimetall, O‘zkimyoimpeks va O‘ztreyd kabi bir qator davlat kompaniyalarining eksklyuziv huquqlarini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat tajriba tarzida mobil aloqa operatorlariga tashqi internet-kanallarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishga ruxsat berishni nazarda tutadi. 2026-yil iyul oyidan boshlab energiyaning ulgurji bozorini yaratish uchun UzGasTrade va O‘zenergosotish davlat monopoliyalari faoliyatini to‘xtatish rejalashtirilgandi.

Joriy yilning fevral oyidagi davlat rahbari farmoni bilan O‘zbekekspertiza, O‘zinjiniring, O‘zbekiston standartlar instituti va Sag Agro MTPning eksklyuziv huquqlarini bekor qildi. O‘shanda u eksklyuziv huquqlarni berish uchun sabablarning to‘liq ro‘yxatini belgilab berdi va ularning amal qilish muddatini 3 yil bilan chekladi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqlar berilgan korxonalar reyestrini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi. Unga 67 ta tadbirkor va davlat tashkilotlari hamda ularning 81 ta faoliyat turlari kiritilgan.