Surxondaryo viloyatida joylashgan Sariosiyo mahalliy aeroporti 30-maydan yo‘lovchi reyslarini qabul qilishni boshlaydi. Bu haqda Silk Avia aviakompaniyasining e’lonidan ma’lum bo‘ldi.

Aviakompaniya Toshkent-Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshiradi.

US761/US762 reysi mahalliy aeroport faoliyati qayta tiklanganidan keyingi uning birinchi doimiy reysi hisoblanadi.

Sariosiyo aeroporti o‘tgan hafta boshida rekonstruksiyadan keyingi birinchi texnik parvozini qabul qilgandi. Parvoz Silk Avia aviakompaniyasining ATR-72−600 samolyotida amalga oshirildi.

Aerodromning sun’iy sirtqi qismi kapital ta’mirlanib, uzunligi 1550 metr, eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘ylab ikki qatlamda, yurish yo‘lagi hamda ikkita ATR-72−600 samolyoti uchun to‘xtash joylari mavjud perroni asfalt-beton bilan mustahkamlandi.

2023-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, 2024-yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.

O‘tgan yilning sentabrida Silk Avia rahbari Sardor Nurmuhammedov 2024-yilning to‘rtinchi choragida Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Joriy yil boshida Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yil yakunigacha Sariosiyo va Zarafshon aeroportlarini ishga tushirish rejalarini bildirdi.

Avvalroq Inchon Urganch aeroportiga $115 mln investitsiya kiritib, uni 2047-yilgacha boshqarishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Koreya taraqqiyot banki va Eksimbanki mablag‘lari, shuningdek, yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan loyihaga $108 mln ajratadi.