O‘zbekiston mart oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchilikni saqlab qoldi, deya xabar berdi Jahon oltin kengashi (WGC).

Mart oyida jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari 17 tonnaga oshdi. Qimmatbaho metallni sotib olish bo‘yicha Polsha 16 tonna bilan yetakchiga aylandi va yillik masofada sof xaridlar 49 tonnani tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (11 tonna), Xitoy (3 tonna), Chexiya (2 tonna) va Turkiya (1 tonna) bormoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki 11 tonna sof oltin sotishni amalga oshirdi. Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, mamlakatning qimmatbaho metall bo‘yicha sof savdosi 15 tonnani tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq yetakchiga aylandi.

Sotuvlar bo‘yicha kuchli uchlikka mos ravishda 5 tonna va 2 tonna qimmatbaho metall sotuvi bilan Singapur va Qirg‘iziston ham kirdi.

Fevral oyida O‘zbekiston 12 tonna qimmatbaho metallni sotuvi bilan Qozog‘istonni (8 tonna) ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi.

markaziy bank, oltin, oltin-valyuta zaxiralari

Mart oyida O‘zbekiston yanvardagi tanaffusdan so‘ng oltin sotishni davom ettirib, $1,84 mlrdlik oltin eksport qildi. Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metal yetkazib berish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34% ga oshib, $3,57 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikki oy rekordni yangilab, $48 mlrdga yetdi. Mart oyida xalqaro aktivlar hajmi $2,91 mlrd, valyuta zaxiralari esa $10 mlrddan oshdi. Shu bilan birga, oltin zaxirasining tonnaji va qiymati biroz kamaydi.

Avvalroq oltin narxi birinchi marta bir grammi uchun 1,5 mln so‘mga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi.