Polsha O‘zbekistonga migratsiya sohasida hukumatlararo bitim tuzishni taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik rahbari Behzod Musayev hamda Polsha Senatining vitse-spikeri Mixail Kaminskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy tartibda Polshadagi yuqori maoshli ishlarga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, tomonlar salohiyatli ishchilarni o‘qitish va qayta tayyorlash, mavsumiy ishlar uchun maxsus dasturlar yaratish hamda viza olish tizimini yengillashtirish bo‘yicha muzokara olib bordi.

“Bugungi kunda aksariyat Yevropa davlatlari kabi Polshada ham demografik vaziyat tufayli ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda esa iqtidorli yoshlar ko‘p va ularni xorijiy tillarga, talab yuqori kasblarga o‘rgatish tizimi juda yaxshi yo‘lga quyilgan”, — dedi Mixail Kaminskiy.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida migratsiya sohasida hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqishga kelishildi.

Mart oyida Polshaning Mobilis kompaniyasi mamlakat bozorida haydovchilarga bo‘lgan talab oshib borayotgani sababli, o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishga qiziqish bildirgandi.

Avvalroq O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi migratsiya bitimi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.