Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni O‘zbekistonda elektron tijoratni tartibga solishni kuchaytiruvchi qonunni imzolagani haqida yozgandi.
Hujjat elektron savdo maydonchalari, buyurtmalar agregatorlari va striming xizmatlari uchun qo‘shimcha majburiyatlarni belgilaydi. Tegishli o‘zgartirishlar “Elektron tijorat to‘g‘risida"gi qonunga kiritilmoqda.
Barcha uch turdagi platforma tovarlar, xizmatlar va raqamli mahsulotlarni tavsiya qilish hamda saralashda foydalaniladigan algoritmlarning shaffofligini ta’minlashi kerak.
Shuningdek, xizmatlar zimmasiga to‘lovlarni amalga oshirishda kiberxavfsizlikni ta’minlash va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish majburiyati yuklatiladi. Platformalar oferta shartnomalari, foydalanish qoidalari va qonunchilikka muvofiq oshkor qilinishi lozim bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni e’lon qilishi kerak.
Barcha uch turdagi xizmatlar uchun yana bir yangi talab — xaridor va foydalanuvchilarga platforma tomonidan tahrir qilinmagan holda izoh qoldirish imkoniyatini berish (qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno). Platformalar o‘z faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarni qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqishi shart.
Striming xizmatlari mualliflik va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlashi, intellektual mulkdan noqonuniy foydalanilishini nazorat qilishi va bunday holatlarning oldini olishi kerak.
Marketpleyslar va buyurtmalar agregatorlari litsenziya yoki ruxsatnoma talab qilinadigan sohalarda faoliyat yurituvchi sotuvchilarda tegishli hujjatlar mavjudligini tekshirishi kerak.
Shuningdek, ularga muomalasi cheklangan tovar va xizmatlarning sotilishining oldini olish choralarini ko‘rish majburiyati yuklatiladi.
Bundan tashqari, o‘zgartirishlar xizmatlarga qo‘shimcha huquqlar ham beradi. Jumladan, marketpleyslar o‘z platformasida tovar va xizmatlarni mustaqil ravishda sotishi, agregatorlar esa xizmatlar narxini talab, taklif va boshqa omillardan kelib chiqib belgilashi mumkin.
Qonun e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 2026-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonlik eksportchilarning marketpleyslardagi xarajatlari 50%gacha qoplab berilishi haqida yozgandi.