Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlar yuzasidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda nazorat organi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident farmoni hamda hukumatning tegishli qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorligi bartaraf etilganidan so‘ng korxonalarni elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lov undirish bekor qilingan. Davlat organlariga ushbu normalarni qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish belgilangan.
Shu talablarni amalga oshirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun undiriladigan to‘lovlar bekor qilingan.
Biroq Raqobat qo‘mitasiga Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlili davomida ushbu talablar buzilgan holatlar aniqlangan.
Xususan, 2025-yil 23-avgustdan 2026-yil fevraligacha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan respublika bo‘yicha tadbirkorlik subyektlaridan 965 ta holatda jami 5,5 mlrd so‘m qayta ulanish uchun to‘lov undirilib, asossiz daromad olingan.
Ushbu holatlarga muvofiq, qo‘mita tomonidan Hududiy elektr tarmoqlari hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Ayni vaqtda mazkur holat manfaatdor davlat organlari ishtirokida har tomonlama o‘rganilib, huquqiy baho berilmoqda. Nazorat organi ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Toshkentda bir oyda 11 mln kVt·soat elektr va 10 mln kub metr gaz tejalgani haqida yozgan edi.