Avvalroq prezidentning ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi loyiha ofisi negizida Prezident administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etiladi.
Agentlik sohada maxsus vakolatli organ bo‘lib, o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (ta'lim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi.
Bunda kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda ta’lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida olib boriladi. Maxsus akkreditatsiyasi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkaziladi.
Agentlik, shu bilan birga, ta’lim tashkilotini xavfni tahlil qilish asosida navbatdan tashqari o‘rganadi. Kamchiliklar aniqlansa, taqdimnoma kiritilib, bartara etish uchun muddat beriladi. Agar tashkilot kamchiliklarni vaqtida bartaraf etmasa, navbatdan tashqari kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, agentlik ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining zamonaviy mehnat bozori talablariga mosligini o‘rganish maqsadida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasini o‘tkazadi.
Joriy yilning 1-iyulidan yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda faoliyatni boshlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkilotlari o‘rnatilgan tartibda litsenziyalanadi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim tashkilotlari xabardor qilish tartibida tashkil etiladi;
- 2-bosqichda ta’lim tashkilotlarining kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan ta’lim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Bunda maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmasdan qabul jarayonini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi va uning bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Avvalroq Urganchda Al-Xorazmiy universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Muhandislik va IT-sohasiga ixtisoslashgan oliygohga talabalar 2025/2026 o‘quv yilidan grant va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.