Uzbekistan Airways Pokiston va Hindistonga parvozlar yo‘nalishini ikki mamlakat o‘rtasidagi qurollі mojaro keskinlashuvi fonida o‘zgartirdi. Bu haqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Oxirgi vaqtlarda Uzbekistan Airways Pokistonning ikkinchi yirik shahri Lahorga va Nyu-Dehliga asosan janubiy yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirib, Kashmirning Pokiston nazorati ostidagi hududlarini chetlab o‘tmoqda.

Aviakompaniya aviaqatnovlar yo‘nalishlarining biroz o‘zgartirilishini “parvozlar xavfsizligi darajasining oshishi” bilan izohladi. Biroq, bu o‘zgarishlar sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi va Uzbekistan Airways Pokiston, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga parvozlarni davom ettiradi. Bundan tashqari, tashuvchi 14-iyundan Toshkent-Islomobod yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Pokiston havo hududi yopilgach, Rossiyaning Aeroflot aviakompaniyasi ham parvozlar yo‘nalishi o‘zgarganini ma’lum qildi. Moskvadan Hindiston, Tailand, Shri-Lanka, Maldiv orollari, Seyshel orollariga va ortga parvozlar yopiq zonani aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi, bu esa parvoz davomiyligini o‘rtacha 1−2 soatga oshiradi.

Reuters nashri Pokiston xalqaro aviakompaniyasi vakiliga tayanib, Pokiston hukumati mamlakat havo hududini barcha reyslar uchun 48 soatga yopganini yozdi. Bu Hindiston qurolli kuchlari Pokistondagi to‘qqizta “terrorchilik infratuzilmasi” obyektlariga zarba bergan “Sindur” operatsiyasi bilan bog‘liq.

O‘z navbatida, Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasi Toshkentdan Vetnamning mashhur kurorti — Nyachangga parvozlar kechiktirilganini ma’lum qildi. Flightradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab soat 1:50 da uchishi kerak bo‘lgan (HH2231) reys Nyachangga deyarli 12 soatlik kechikish bilan jo‘nab ketgan. Ayni paytda samolyot Pokiston osmonidan orqaga qayrilib, O‘zbekistonga qaytmoqda.

“Hindistonning Pokistonga ballistik raketa hujumlari ortidan Pokiston ustidagi havo hududi yopilishi munosabati bilan Nyachangga parvozlar kechiktirilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin”, — deya ma’lum qildi aviakompaniya.

Qanot Sharq “vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borishini va kechikishlar bilan bog‘liq noqulayliklarni kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini” ta’kidladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston aviakompaniyalari Rossiya poytaxti ustidagi havo hududi yopilgani sababli Moskvaga parvozlarni amalga oshirishda cheklovlarga duch keldi. Uzbekistan Airways Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqanddan oltita reysni zaxira aeroportlariga yo‘naltirdi, Qanot Sharq esa Moskvadan parvozlar kechikishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning T’way Air aviakompaniyasi 23-maydan Seul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishni boshlashi haqida xabar berilgandi.