2025-yil 8-may kuni Turkish Airlines Vnukovo aeroportidan 20 ta reysni bekor qildi. Pegasus Airlines esa to‘rtta reysni bekor qildi.

Bundan tashqari, Sankt-Peterburgdan Antaliya va Istanbulga yettita parvoz bekor qilingani haqida Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ma’lum qildi.

Turkish Airlines’ning 8-may kuni faqat Istanbulga bitta faol reysi qoldi. Pegasus Airlines’ning esa Antaliyaga bitta va Istanbulga bitta reysi qoldi. ATOR ushbu reyslar ham bekor qilinishi mumkinligini taxmin qildi.

9-maydagi jadval bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha: Pegasus Airlines hozircha reyslarni bekor qilmagan, Turkish Airlines esa Moskvadan Antaliya va Istanbulga sakkizta tungi reysni bekor qilgan (lekin Istanbulga faol reyslar ham mavjud).

RIA Novosti turizm sohasidagi manbasiga asoslanib, Turkish Airlines aviakompaniyasi 8-may kuni Antaliya, Dalaman va Bodrumdan Rossiyaga barcha reyslarni bekor qilganini xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, buning sababi Rossiyaning turli shaharlaridagi aeroportlarda samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga bo‘lgan cheklovlar tufayli jadvallarning qayta tuzilishi bo‘lishi mumkin.

ATOR so‘rovnoma o‘tkazgan turizm sohasi vakillari ma’lumotlariga ko‘ra, turk aviatashuvchilari reyslarining bekor qilinishi 15 mingdan ortiq odamga ta’sir ko‘rsatadi.

Ayrim turoperatorlar Turkiyada qolib ketgan sayyohlarga yashash muddatini uzaytirish yoki imkon bo‘lsa boshqa reyslarga o‘tkazishni va’da berishdi.

Jo‘nashga endigina tayyorgarlik ko‘rayotgan rossiyaliklarga sayyohlik agentliklari bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etildi. Nomi oshkor qilinmagan turoperator vakili aytishicha, ularga safar muddatini o‘zgartirish va narxni qayta hisoblash, pulni qaytarish yoki uni “boshqa yo‘nalishdagi safarga” o‘tkazish taklif qilinishi mumkin.

Rosaviatsiya “yaqin kelajakda xorijiy aviakompaniyalar, jumladan Turkish Airlines reyslari bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashishini” kutayotganini ma’lum qildi.


Avvalroq Uzbekistan Airways Pokiston-Hindiston ziddiyati fonida bu mamlakatlarga parvozlar yo‘nalishini o‘zgartirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Qanot Sharq aviakompaniyasi Pokiston havo hududi yopilganligi munosabati bilan Vetnamga parvozlar kechikayotganini ma’lum qildi.