Avvalroq prezident 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank raisi Temur Ishmetov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda islom bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilganini ma‘lum qildi. Ushbu loyiha fevral oyida Oliy Majlis tomonidan ma‘qullangan va tasdiqlash uchun prezidentga yuborilgan edi.

Markaziy bankka kadrlar salohiyatini kuchaytirish hamda xodimlarni ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarida o‘qitib, so‘ngra sertifikatlashni tashkil etish topshirildi. Uning ta‘kidlashicha, regulyator to‘liq islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlaydigan banklar paydo bo‘lishini inobatga olib, bank tizimining barqarorligini ta‘minlashga tayyor turishi kerak.

Qonunosti hujjatlari xalqaro standartlar asosida ishlab chiqiladi. Islom moliyasi sohasida ikkita xalqaro tashkilot — Islom moliyaviy institutlari uchun buxgalteriya va audit tashkiloti (AAOIFI) hamda Islom moliyaviy xizmatlari kengashi (IFSB) faoliyat yuritadi. O‘zbekiston ularga a‘zo bo‘lgach, qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va islom moliyasi tizimining to‘laqonli nazoratini ta‘minlash uchun tekshiruvlar rejasini shakllantirish bo‘yicha ularning mutaxassislari bilan hamkorlik qilmoqda.

“Qonun imzolangandan so‘ng an‘anaviy banklarda ochilgan islomiy „darchalar“ orqali moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishga doir qonunchilikdagi barcha cheklovlar bekor qilinadi. Bugungi kunga kelib 10 dan ortiq bank bu yo‘nalishda tayyorgarlikni boshlagan. Qonun to‘liq kuchga kirgach, tegishli vositalardan foydalanish ko‘lami asta-sekin kengayib borishini ko‘ramiz”, — dedi Temur Ishmetov.

Bu yil kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026−2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan ikkita bank tashkil etish rejalashtirilmoqda. Natijada 2026−2030-yillarda qo‘shimcha qariyb $1 mlrd investitsiya va depozit jalb qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

2023-yil oktyabr oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev 2030-yilgacha mamlakatda 10 ta islom banki ochilishi kutilayotganini ma‘lum qilgan edi. Bundan tashqari, uchta davlat banki “islomiy darchalar” yaratadi. Regulyator islom moliyasini yashirin iqtisodiyotdagi pullarni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida ko‘rmoqda.

Avvalroq Markaziy bank fevralda 11 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgandi.