Buxoro viloyatida Leapmotor kompaniyasi bilan birgalikda elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd. kompaniyasi vitse-prezidenti Ley Ming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda mazkur loyihani amalga oshirishni yanada tezlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Loyihaning ishlab chiqarish va daromadlar rejasi quyidagicha belgilangan:
- 2026-yil — 20 ming dona avtomobil ($50 mln);
- 2027-yil — 40 mingta ($100 mln);
- 2028-yil — 60 mingta ($150 mln);
- 2029-yil — 100 mingta ($200 mln);
- 2030-yil — 150 mingta ($300 mln);
- 2031-yil — 200 mingta ($350 mln).
Loyiha doirasida Leapmotor brendining B10, B10L, A10, C01, C16 elektr va gibrid avtomobil modellarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida 2026-yilda 200 ta, 2028-yilda 1000 ta, 2031-yilda esa 3000 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Shu bilan birga, avtomobil butlovchi qismlarini bosqichma-bosqich mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, bamperlar, o‘rindiqlar, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, orqa ko‘rinish ko‘zgulari, simlar jamlanmasi, akkumulyatorlar, asboblar paneli, torpeda qismi, yoritish uskunalari va boshqa ayrim avtokomponentlar mahalliy ishlab chiqariladi.
Bu yondashuv viloyatda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliy qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, Buxoroni Markaziy Osiyoda avtomobilsozlik va logistika xabiga aylantirish maqsad qilingan. Loyiha qo‘shni mamlakatlar bozoriga chiqish imkoniyatini kengaytirishi mumkin.





Bundan tashqari, Buxoro davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti va Turin politexnika universiteti bilan birgalikda malakali muhandis va texnik kadrlar tayyorlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov ham Leapmotor vitse-prezidenti Ley Min bilan uchrashib, elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tayyor mahsulot tarkibidagi mahalliy butlovchi qismlar ulushini bosqichma-bosqich oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Rivojlanish strategiyasi ichki bozorni to‘ldirish bilan birga, xalqaro bozorlarga chiqish uchun eksport salohiyatidan samarali foydalanishni ham ko‘zda tutishi ta’kidlandi. Tomonlar loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.



2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatidagi islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilida Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.
Avvalroq Spot shikastlangan avtoraqamlarni onlayn almashtirish imkoni yaratilgani haqida yozgan edi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun talabgorlar zarur raqam belgisi sonini hamda eski avtoraqamni arizaga ilova qilishi kerak.







