Uzbekistan Airports kompaniyasi Amerikaning JPMorgan Chase banki bilan kapital bozorlari sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda aeroportlar operatori matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya delegatsiyasi Boston (13 aprel) va Nyu-York (14 aprel) shaharlarida bo‘lib o‘tgan Uzbekistan Investor Day tadbirlarida ishtirok etdi.
Ular O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro moliya institutlari va xorijiy investorlarga taqdim etishga bag‘ishlandi.
Ular doirasida Citigroup va JPMorgan Chase banklari, Artisan Partners, Xtellus Capital Partners va Nomura Capital Partners investitsiya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlar transformatsiya natijalari, moliyaviy ko‘rsatkichlar, korporativ boshqaruv yondashuvlari va aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish rejalari bilan tanishdilar.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari va mumkin bo‘lgan hamkorlik formatlarini muhokama qildilar. Xorijiy investorlar O‘zbekiston aviatsiya sohasiga va Uzbekistan Airports bilan hamkorlik istiqbollariga qiziqish bildirishdi, deya ta’kidladi kompaniya.

Uchrashuv yakunida Uzbekistan Airports va JPMorgan Chase o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. U kapital bozorlarida hamkorlikni rivojlantirishni, shu jumladan yevrobondlar va boshqa moliyaviy vositalarni chiqarishni nazarda tutadi.
2025-yil yanvar oyida prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda Uzbekistan Airports, Uzbekistan Airways hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tashqi moliya bozorlariga chiqishi rejalashtirilayotgani ko‘rib chiqildi. O‘shanda ular jami $700 mln jalb etishni mo‘ljallayotgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Navoiy aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish va aviatsiya sohasini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Unda, jumladan, Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) hamda xalqaro obligatsiyalarni chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq Spot Farg‘ona aeroportida 35 yildan so‘ng ilk bor perron kapital ta‘mirlanayotgani haqida yozgandi.