Qonunchilik palatasi deputatlari xavfli ishlab chiqarish obyektlari hamda potensial xavfli obyektlarning sanoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi.
Loyiha bilan insonlar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va atrof-muhitga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan potensial xavfli obyektlar uchun xavfsizlik talablari belgilanmoqda.
Bunday obyektlar qatoriga liftlar, yuk ko‘tarish mexanizmlari, eskalatorlar, travalatorlar, shamol elektr stansiyalari hamda attraksionlar kiradi.
Shuningdek, hujjat bilan sanoat xavfsizligi sohasida yangi institut — ekspert tashkilotlari faoliyatini joriy etish taklif qilinmoqda.
Ular xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi korxonalarda sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini ixtiyoriy asosda mustaqil auditdan o‘tkazadi.
Qonun loyihasida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini boshqarish tizimi auditini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida yuz bergan avariya oqibatida insonlar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun majburiy sug‘urta summalarining eng kam miqdorini ikki baravar oshirish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi Senatga yuborildi. Hujjat kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.
Spot, avvalroq, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.