Buyuk Britaniyada 2008-yildan keyin tug‘ilgan barchaga tamaki mahsulotlarini sotib olishni taqiqlovchi qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqish bosqichidan o‘tdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

“Tamaki va elektron sigaretalar to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga ko‘ra, 2009-yil 1-yanvarda yoki undan keyin tug‘ilgan shaxslarga Buyuk Britaniyaning butun hududida tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.

Bu insonlar hayotini saqlab qolish va Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qonun loyihasi kelasi hafta qirol tomonidan ma’qullangach, qonuniy kuchga kiradi. Uning parlamentning har ikki palatasidan o‘tishi 2024-yil 5-noyabrda taqdim etilishi bilan boshlangan.

Seshanba kuni Lordlar palatasi Jamoalar palatasi deputatlari tomonidan kiritilgan tuzatishlarni ma’qullashi bilan yakunlandi.

Vazirlar vaqt o‘tishi bilan bu tamaki mahsulotlari savdosiga butunlay chek qo‘yishiga hamda tamaki iste’moli bilan bog‘liq qaramlik va salbiy oqibatlarning noxush zanjirini uzishiga umid qilmoqda.

Birgina Angliyaning o‘zida chekish yiliga 400 ming kishining kasalxonaga yotqizilishiga va 64 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ladi hamda Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga saraton va yurak xastaliklari kabi tamaki iste’moli bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun 3 mlrd funt sterlingga tushadi.

Angliyada jamiyat uchun umumiy xarajatlar, asosan, mehnat unumdorligining pasayishi hisobiga yiliga 21,3 mlrdddan 27,6 mlrd funt sterlinggacha yetishi taxmin qilinmoqda.

Qonunchilik, shuningdek, vazirlarga jamoat joylarida chekishga oid amaldagi taqiqni kuchaytirish vakolatini beradi. Endi bu taqiq bolalar maydonchalari, shuningdek, maktab va shifoxonalar hududlariga ham tatbiq etiladi.

“Bu jamoat salomatligi uchun hal qiluvchi burilish nuqtasidir. Chekishni tashlash va uning keltiradigan zararini bartaraf etish endi shunchaki bir taxmin emas — bu muqarrar. Endi asosiy masala — biz bunga qanchalik tez erishamiz”, — dedi “Chekish va salomatlikka qarshi harakat” tashkilotining ijrochi direktori Hazel Chizman.

Bu chora, shu bilan birga, nikotinga qaramlikning oldini olish maqsadida bolalar uchun mo‘ljallangan elektron sigaretalar va nikotin mahsulotlarini markalash, ilgari surish va reklama qilishni ham taqiqlaydi.


Avvalroq Spot elektron sigaretalar aylanmasi uchun jinoiy javobgarlik belgilangani haqida yozgandi.

Endilikda bu harakatlar uchun yirik miqdorda jarima, ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanadi.