Avvalroq prezidentning madaniyat va san‘at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan Madaniyat mehmonxonasi madaniy klasteri investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Bunda auksion savdolariga Madaniyat vazirligi tizimidagi obyektlar chiqariladi. Oliy va kasbiy ta‘lim muassasalari hamda davlat teatrlari bundan mustasno.
Loyiha doirasida mehmonxona, restoran, savdo do‘koni va madaniyat muassasasidan iborat, turistlarga kompleks xizmat ko‘rsatadigan yangi turdagi milliy majmua barpo etiladi.
Majmua tarkibidan milliy uslubdagi mehmonxona va restoran, hunarmandchilik mahsulotlari savdo nuqtalari, tomosha zallari, madaniyat markazi hamda tasviriy san‘at galereyasi o‘rin oladi.
Investor tomonidan quriladigan obyektlar kamida 25 yil davomida asosiy faoliyatini saqlab qolishi lozim. Loyiha muddati yakunlangach, mehmonxona va restoran investorga mulk huquqi asosida beriladi.
Savdo do‘koni, tomosha zali, madaniyat markazi, tasviriy san‘at galereyasi hamda milliy hunarmandchilik ustaxonasi umumiy obyektning 40% gacha qismi sifatida Madaniyat vazirligi tasarrufida qoladi.
Shuningdek, tijorat banklariga investorlarga loyiha doirasida qo‘shimcha obyektlar qurish uchun 10 yilgacha kreditlar ajratish tavsiya etildi. Kreditlar 5 yillik imtiyozli davr bilan, banklar tomonidan mustaqil belgilanadigan bozor stavkalari asosida taqdim etiladi.
O‘tgan yilning dekabrida prezidentning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yildan O‘zbekiston merosi mehmonxonalari dasturi boshlanishi aytilgandi.
Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari olib kelinishi taʼkidlangan.
Spot, avvalroq, madaniyat obyektlaridagi $1 mlngacha bo‘lgan loyihalar DXSH asosida amalga oshirilishi haqida yozgandi.