Prezidentning madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilgacha tajriba tariqasida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi madaniyat obyektlarida davlat-xususiy sheriklikning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Unga asosan, davlat tashabbuskorlari tomonidan qiymati $1 mlndan oshmaydigan loyihalar xususiy sheriklarga beriladi.
Shuningdek, 2028-yil 1-avgustgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan bolalar musiqa va san‘at maktabi faoliyatini yuritishning DXSH shakli yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur maktablar uchun ko‘zda tutilgan byudjet mablag‘lari xususiy sheriklarga subsidiya shaklida ajratiladi.
Bundan tashqari, xususiy sheriklar uchun ta‘lim sifati, o‘quv jarayoni, o‘quvchilar soni va davomati, shuningdek, o‘qituvchi hamda o‘quvchilar yutuqlari bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari belgilanadi. Natijalarga qarab ularga qo‘shimcha rag‘batlantirish chorasi qo‘llanadi.
Davlat sherigi tomonidan belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari ijrosi doimiy monitoring qilinadi. Talablar bajarilmasa, shartnoma qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
Avvalroq Samarqandda 6,6 kmlik yagona sayyohlik yo‘nalishi ochilishi haqida xabar berilgandi.