Dala hovlilarni yagona elektron bazaga kiritish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu Soliq qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli bo‘lib, mijozlarni vaqtincha joylashtirish hamda qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalaniladigan yakka tartibdagi uy-joylar va hovlilar joylashtirish vositalari deb e‘tirof etiladi.

Bunda turistik dala hovlilariga joylashgan mijozlardan turistik yig‘im undirilmaydi. Shuningdek, bunday faoliyat bilan shug‘ullanish uchun alohida litsenziya yoki ruxsatnoma talab etilmaydi.

2027-yildan boshlab joylashtirish vositalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlari Milliy turizm yagona platformasi ga doimiy ravishda kiritib boriladi.

Soliq qo‘mitasi joriy yil oxirigacha turistik dala hovlilarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ular haqidagi ma‘lumotlarni platformaga kiritadi.

Shuningdek, Soliq mobil ilovasi orqali qisqa muddatli ijara shartnomalari bo‘yicha ma‘lumotlar real vaqt rejimida uzatiladi.

Platformaga kiritilmagan joylashtirish vositalari va turistik dala hovlilarning noqonuniy faoliyati haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi. Huquqbuzarlik tasdiqlansa, undirilgan jarima summasining 30% i mukofot puli sifatida to‘lanadi.

Bunday holatlar haqida xabar bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi ta‘minlanadi. Soliq qo‘mitasi mehmonxona va turistik dala hovlilar faoliyati ustidan “mahallabay” tamoyili asosida nazorat o‘rnatadi.

Spot, avvalroq, joriy yilda Toshkentda 18 ta yangi gastronomik ko‘cha ochilishi haqida yozgandi.