O‘zbekiston Fransiya bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga fuqarolarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya Fransiyada hamyurtlarimizni qonuniy va tizimli ishga joylashtirish bo‘yicha muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvda Fransiya Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (FNSEA) bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelishuvga ko‘ra, joriy yil yoz oylaridan boshlab pilot loyiha doirasida Fransiyada ishlash istagini bildirgan 50 nafar nomzod ilk bor ushbu davlatga ishga yuboriladi.

Fransiyada kadr tanlash va bandligini ta’minlashga ixtisoslashgan tashkilot — “Sélect Recruiting Service” bilan nomzodlarni saralash va ishga joylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Shuningdek, CFA AC Paris kompaniyasi bilan “ta'lim + ish” formatida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bunda Fransiyada restoran sohasida o‘qish va ishlash imkoniyatini yaratish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Kelishuvlarni amalga oshirish va tashkiliy-huquqiy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Fransiyaning Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Ta’lim vazirliklari mutasaddilari bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, “France Travail” davlat bandlik xizmati, CCI Île-de-France — Savdo-sanoat palatasi hamda AP-HP Parij davlat shifoxonalari xizmati bilan ham muzokaralar olib borildi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonliklar Italiyada agrar sohada mavsumiy ishga yuborilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, pilot loyiha doirasida joriy yilda 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.