iPhone foydalanuvchilari Telegram ilovasida push-xabarnomalar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda deya xabar bermoqda GitHub platformasi.

Ya’ni qalqib chiquvchi bannerlar ko‘rinmayapti, ovozli ogohlantirishlar ishlamay qolishi mumkin, yangi xabarlar esa ba’zan messenjerni qo‘lda ishga tushirgandan keyingina ko‘rinib qolmoqda. Spot buni o‘ziga yaqin manbalardan tasdiqlatib oldi.

Ushbu holat iOS 18.7.8 o‘rnatilgan bir nechta qurilmalarda — jumladan iPhone 15 Pro Max, iPhone 12 Pro Max, iPhone 16e va iPhone 14 — bir xil tarzda takrorlanmoqda.

Biroq, Nicegram, iMe, Swiftgram va Turrit kabi uchinchi tomon Telegram klientlarida bildirishnomalar odatdagidek ishlamoqda, bu esa muammo aynan Telegram’ning rasmiy iOS ilovasiga bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Foydalanuvchilar tomonidan bildirishnoma sozlamalarini tekshirish, Focus rejimini o‘chirish, qurilmani qayta yuklash, ilovani qayta o‘rnatish va fon yangilanishini yoqish kabi choralar ko‘rilganiga qaramay, muammo saqlanib qolmoqda.

Muallifning ta’kidlashicha, muammo bir nechta qurilmada kuzatilmoqda hamda Wi-Fi va mobil tarmoqlarda ham paydo bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, xabarnomalar na shaxsiy chatlarga, na guruhlarga kelmayapti.

Bu nosozlik aynan rasmiy ilovaning o‘zida, masalan, push-xabarnomalarga ishlov berish yoki fon rejimida ishlash jarayonlarida yuzaga kelganidan dalolat berishi mumkin.

Hozircha hech qanday rasmiy yechim e’lon qilinmagan. Tez orada messenjer navbatdagi yangilanishni taqdim etishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Britaniya regulyatori Telegramga nisbatan tekshiruv boshlagani haqida yozgandi.

Tergovga messenjerda bolalarga oid jinsiy zo‘ravonlik materiallari tarqatilgani haqidagi gumon sabab bo‘lgan.