5−7-may kunlari Toshkent shahridagi Chilonzor markaziy ippodromida yilning eng yirik va tomoshabop sport tadbirlaridan biri — ot sportining polo turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa mamlakatning kuchli professional polo jamoalarini bir yerga to‘pladi. Chempionatda O‘zbekistonning sakkizdan ortiq hududidan tashrif buyurgan sportchilar qatnashdi. Ayollar o‘rtasida ot polosini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi: musobaqalarda erkaklar jamoalari bilan birga ayollar jamoalari ham ishtirok etdi va bu ushbu sport turining xotin-qizlar orasida ommalashishida muhim qadam bo‘ldi.

Chempionat O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda Milliy gvardiya tomonidan tashkil etildi. Musobaqaning 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgani tadbirga o‘zgacha ahamiyat baxsh etdi.
Tadbirda faqat milliy qorabayir zotli — kuch, chidamlilik va o‘zbek yilqichiligining boy merosi timsoli bo‘lgan otlarning ishtirok etgani turnirning o‘ziga xos jihati bo‘ldi. Qorabayirlarning salobati va chavandozlarning mahorati chempionatning betakror muhitini yaratishda muhim o‘rin tutdi.

Musobaqa doirasida ilk marotaba bitta maydonga 80 dan ortiq ot jalb etilgani tadbirning yuksak darajada tashkil etilganini va miqyosini yaqqol ko‘rsatdi. Shuningdek, ushbu chempionat nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda o‘tkazilgan shu darajadagi birinchi tadbir bo‘lib, mintaqada ot sportini rivojlantirishda yangi bir bosqichni boshlab berdi.

Tadbir sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalqaro mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Chempionat yoshlar o‘rtasida polo sport turini ommalashtirish, sport infratuzilmasini rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash uchun muhim platformaga aylandi.
2020-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston polo federatsiyasi erkaklar va ayollar jamoalariga birdek e’tibor qaratgan holda, mamlakatimizda ushbu sport turini izchil rivojlantirib kelmoqda. InfinBANK federatsiyaning ilk hamkorlaridan biriga aylanib, uning tashabbuslarini 2021-yildayoq qo‘llab-quvvatlagan.
O‘sha paytdan buyon bank ot sportining polo yo‘nalishini rivojlantirishga tizimli ravishda ko‘maklashib, asosiy musobaqalarda, jumladan, joriy chempionatda ham hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash InfinBANK`ning sportni rivojlantirish, milliy asrab-avaylash va iqtidorli sportchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan strategiyasiga mos keladi.

InfinBANK O‘zbekiston polo federatsiyasiga hamda chempionatning barcha tashkilotchilariga tadbirning yuqori saviyada tayyorlangani va o‘tkazilgani uchun o‘z minnatdorligini bildiradi. Ot sportining polo turi bo‘yicha mamlakat chempionatining o‘tkazilishi ushbu sport turini yuksaltirish, uning mamlakatdagi mavqeyini mustahkamlash va O‘zbekistonning jahon polo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Reklama huquqlari asosida.