Yevropa Ittifoqi Moskvaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda, deb yozdi Politico nashri Yevropaning yuqori martabali mulozimlari va diplomatlariga tayanib.
Uning doirasida “soya floti”, Rossiya banklari hamda Rus pravoslav cherkoviga bosimni kuchaytirish niyatida.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi iyun oyi oxiri yoki iyul boshi taqdim etilishi mumkin.
Cheklovlar kemalardan tashqari, Rossiya banklari, moliya tashkilotlari, harbiy-sanoat majmuasi korxonalari va Yevropa Ittifoqi nazarida Ukraina g‘allasini sotishda ishtirok etayotgan kompaniyalarga ham ta’sir qilishi mumkin.
Politiconing yozishicha, Bryusselda Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban hukumati tomonidan avvalroq to‘sib qo‘yilgan choralarga qaytish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Ular qatorida Rus pravoslav cherkovi vakillariga, jumladan, patriarx Kirillga qarshi sanksiyalar ham bor. Bundan tashqari, Yevrokomissiya Rossiya kemalariga dengiz xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlashni yana taklif qilishi mumkin. Avvalroq bu choraga Gretsiya va Malta qarshi chiqqan edi.
Yevropa Ittifoqining iqtisodiyot bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis Politico nashriga hozir Moskvaga “bosimni yumshatish vaqti emas"ligini aytdi.
Haqiqatan ham ko‘proq narsaga erishish vaqti keldi, chunki Rossiyaning ishlari yomon ketmoqda. Rossiya “statik inflyatsion shok"dan aziyat chekmoqda, deb hisoblaydi u.
Nashrning yozishicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainaning mavqeini bir yil avvalgiga qaraganda kuchliroq deb hisoblamoqda.
Bunga yaqinda kelishilgan 90 mlrd yevrolik kredit hamda mamlakatda uzoq masofaga mo‘ljallangan qurol-yarog‘ ishlab chiqarishning rivojlanayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Yevropa Ittifoqi 23-aprel kuni Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qildi. Rossiya energetika kompaniyalari, Murmansk va Tuapse portlari, shuningdek, Bryussel yashirin flot bilan bog‘laydigan 46 ta kema cheklovlarga uchradi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tovarlar eksportiga cheklovlarni kengaytirdi va Rossiya kripto xizmatlari bilan operatsiyalarni to‘liq taqiqladi. Yangi sanksiyalar paketiga jami 120 nafar jismoniy va yuridik shaxs kiritildi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas shundan so‘ng darhol Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini muhokama qilishni boshlaganini aytgandi.
Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ikki kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.
Sanksiyalar Farg‘ona paxta sellyulozasi kimyo zavodi va Raw Materials Cellulose kompaniyasiga Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasi yetkazib berish aybi bilan joriy etilgan.