Shavkat Mirziyoyev turli sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbariga Andijon viloyati Bobur shahrida barpo etiladigan meʼmoriy ansambl tarkibida buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan haykal o‘rnatish loyihasi taqdimot qilindi.

Prezidentga bo‘lajak haykalning eskizlari, kompozitsion yechimi va Bobur siymosini aks ettirish bo‘yicha ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida axborot berildi.

Buyuk tarixiy shaxs obrazi olimlar tomonidan xorijiy hamkasblar bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, miniatyuralar va madaniy meros namunalarini o‘rganish asosida yaratilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, prezidentning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi bog‘lardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan edi. Mazkur bog‘da ham o‘rnatiladigan haykal loyihasi ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari yodgorliklarni yaratishda Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini nafaqat buyuk adib va shoir, balki mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida teran ochib berish zarurligini taʼkidladi.

Uning irodasi, davlatchilik salohiyati, yuksak maʼnaviyati va bunyodkorlik g‘oyalari haykalning umumiy qiyofasida yaqqol ifoda topishi lozimligi qayd etildi.

Prezidentga Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati moddiy-texnik bazasini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.

Shuningdek, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilish rejalari taqdim etildi.

Davlat rahbari loyihalarni yana-da takomillashtirib, ilg‘or tajriba asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Spot, avvalroq, tadbirkorlarga xorijiy turistlarni jalb qilish xarajatlarining 25%igacha qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.