Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozori bo‘yicha aprel oyi tahlilini e‘lon qildi.
Unga ko‘ra, aprel oyida uy-joy bozori faolligi pasaygan. Umumiy e‘lonlar soni 44,5 mingtani tashkil etib, mart oyiga nisbatan 13,4% ga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 17,7% ga kamaygan.
Shu bilan birga, e‘lonlar tarkibida birlamchi bozor ulushi oshib bormoqda. Agar 2024-yil yanvarida bu ko‘rsatkich 33,8% bo‘lgan bo‘lsa, hozir 47,6% ga yetgan. Ikkilamchi bozor ulushi esa 66,2% dan 52,4% gacha qisqargan.


Tahlilda qayd etilishicha, 2−3 xonali xonadonlar segmentida narxlar nisbatan barqaror qolmoqda. Birlamchi bozorda 4 va undan ortiq xonali yuqori narx segmentida pasayish saqlanmoqda, ikkilamchi bozorda esa ushbu segmentda mo‘tadil o‘sish kuzatilgan.
Birlamchi bozorda 3 xonali uylar narxi 1,8% ga, 2 xonali uylar esa 0,7%ga oshgan. Ayni paytda 1 xonali uylar 1,6% ga, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 2,1% ga arzonlagan.
Ikkilamchi bozorda esa barcha segmentlarda o‘sish qayd etilgan. Xususan, 1 xonali uylar narxi 3,5% ga, 2 xonali uylar 0,4% ga, 3 xonali uylar 1,2% ga, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 0,6% ga qimmatlashgan.
Markazga yaqin hududlarda to‘liq ta‘mirlangan uylar narxi yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bunday uylarning o‘rtacha narxi kvadrat metri uchun $1413−2121ni tashkil etgan. Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlarida esa bu ko‘rsatkich $900−1367 oralig‘ida bo‘lgan.
4 xonali to‘liq ta‘mirlangan xonadonlar bo‘yicha birlamchi bozorda Miroboddagi o‘rtacha narx kvadrat metri uchun $2117ni, Sergelida esa $922ni tashkil etgan. Hududlar o‘rtasidagi tafovut 2,3 baravarni tashkil etgan.


Tahlilda Yashnobod tumanidagi narx o‘sishiga qurilish faolligi, infratuzilma rivoji hamda Yangi Toshkent loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar taʼsir qilayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, naqdsiz oldi-sotdi tartibining joriy etilishi uy-joy narxlariga hozircha keskin taʼsir ko‘rsatmagani, yakuniy ta‘sirni baholash uchun esa 2026-yilning 2−3-choraklaridagi dinamika muhim bo‘lishi taʼkidlangan.
Spot, avvalroq, ko‘chmas mulk uchun soliq bazasining bozor narxi qanday hisoblanishi haqida yozgandi.



