Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, federal davlat ommaviy axborot vositalarida (RBC, RTVI, Interfaks) Rossiya 30-maydan boshlab O‘zbekistondan sabzavot va mevalar importiga cheklovlar joriy etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Press-relizda aytilishicha, qaror “Rossiya hududining fitosanitar osoyishtaligini ta’minlash maqsadida,” shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga karantin ostidagi tovarlarni yetkazib berishda nomuvofiqlik holatlari ko‘payishi munosabati bilan qabul qilingan.

Ro‘yxatga quyidagi o‘zbek kompaniyalari kiritilgan:

  • EXPORIA TRADE MCHJ;
  • GLOW FRUIT MCHJ;
  • SARDOBAAGROEKSPORT MCHJ;
  • BUXORO MEVA SABZOVOCHILIK EXPORTI MCHJ;
  • GANI BOBO BOGI MCHJ;
  • BMB GLOBAL SAVDO MCHJ;
  • NEW AGROQUVA MCHJ;
  • AMIR GRENS MCHJ;
  • ZAMORA MCHJ;
  • MIRFAYZ-PARFYUM INVEST MCHJ.

Hozirda Rosselxoznadzor saytidagi xabar ochilmayapti — sahifada 404 xatoligi chiqmoqda. Shu bilan birga, o‘chirilgan xabarning URL manzilida: “Rosselxoznadzor 30-maydan boshlab O‘zbekistonning 10 ta eksportchisidan sabzavot va meva olib kirishni cheklaydi”, deb yozilgani ko‘rsatilgan. Keyinroq Interfaks axborot agentligi Rosselxoznadzor"ning iltimosiga binoan materialga tuzatish kiritilganini aniqlashtirdi.

29-may kuni Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) yangi nashr e’lon qilib, xabarlarni rad etdi.

“Rosselxoznadzor 2026-yil 29-mayda O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiyaga xavfsiz va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlovchi mexanizmni ishlab chiqish maqsadida texnik muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonning vakolatli idorasiga murojaat qildi”, — deyiladi xabarda.

Bu, shuningdek, 30-maydan boshlab Armanistondan meva-sabzavot mahsulotlarini, jumladan, yangi uzilgan pomidor, bodring, qalampir, ko‘katlar va qulupnayni olib kirishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Bunga “Armaniston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berishda qoidabuzarliklar tez-tez uchrayotgani va fitosanitar osoyishtalikni ta’minlash zarurati” sabab qilib ko‘rsatilgan.


Avvalroq Spot Qozog‘iston sabzavotlar importiga mavsumiy cheklovlar joriy etmoqchiligi haqida yozgandi.

Shuningdek, uchinchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston, Eron va Turkmanistondan mahsulotlarga bojxona to‘lovlari oshirilishi mumkin.