1-iyundan 2026/2027-o‘quv yili uchun nodavlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlandi. Bu haqda Ta’lim nazorati kanalida xabar berildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, xususiy oliygohlarda qabul har yili iyun-sentabr oylarida amalga oshiriladi.
Ularda maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlariga qabul amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi — faqat akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qilish mumkin.
2025-yil 1-avgustdan boshlab har bir nodavlat OTM uchun qabul parametrlarining eng yuqori ko‘rsatkichi tasdiqlanishi belgilangan. Kvota universitetning moddiy-texnik bazasi, pedagogik salohiyati va o‘quv-dasturiy ta’minotidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, 5-iyundan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi. Jarayon ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 25-iyungacha davom etadi, bu vaqt oralig‘ida abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlashi kerak.
Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshirilishi mumkinligi haqida yozgan edi. Sun‘iy intellekt, tibbiyot va energetika kabi sohalarda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytiriladi.