Yanvar-mart oylarida kredit tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlar hajmi 35,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning birinchi choragiga nisbatan 5,2 trln so‘mga (17%) oshgan. Uch oy davomida jami kreditlash hajmida mikromoliyaviy xizmatlarning ulushi 35,1%ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,6% ga ko‘pdir.
Mikromoliya sohasidagi faollikning asosiy ulushi (66%) banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, o‘tgan yil davomida bu ko‘rsatkich qariyb 13% ga qisqargan.
Mikromoliya tashkilotlari o‘z faolligini sezilarli darajada kengaytirdi va bozorning 31,2% ini tashkil etdi, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich esa 18,3% ni tashkil etgandi. Lombardlar hali ham eng kichik segmentni tashkil etadi (bir yil oldingi 2% ga nisbatan 2,8%).
Xususiy banklar mikromoliyaviy mahsulotlar orqali 13,8 trln so‘m miqdorida kredit ajratdi, bu banklarning umumiy ulushining 58% iga teng.
Taqqoslash uchun, bir yil avval ularning hissasiga bank segmentining 72 foizi va umumiy mikromoliyaviy xizmatlarning yarmidan ko‘pi to‘g‘ri kelgan.
Nodavlat banklar orasida Ipoteka-bank o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p, ya’ni 2,1 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan birinchi o‘ringa chiqdi.
Hamkorbank bu ko‘rsatkichni 2,6 barobarga oshirib, 1,9 trln so‘mga yetkazgan bo‘lsa, o‘tgan yilgi yetakchi Anorbank kredit ajratish hajmini 1,7 trln so‘mgacha kamaytirdi.
Davlat sektori banklari tomonidan 9,8 trln so‘mlik (+42%) mikromoliyaviy kreditlar ajratildi. O‘sishning asosiy qismi ko‘rsatkichni ikki baravar oshirgan (3,7 trln so‘m) Agrobank’ga to‘g‘ri keldi, shuningdek, birinchi uchlikka O‘zmilliybank (1,4 trln so‘m) va Xalq banki (1,2 trln so‘m) kirdi.
Uch oy davomida mikromoliya tashkilotlari xizmatlari 11,2 trlnso‘mni tashkil etdi, shundan 70% dan ortig‘i uchta tashkilot — TezCoin, Shaffof-Moliya va Fortuna Biznes hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, TezCoin yil boshidan buyon kreditlash hajmini deyarli uch barobarga oshirib, 6,4 trln so‘mga yetkazdi.
Lombardlar yil boshidan buyon taxminan 1 trln so‘mlik moliyalashtirishni taqdim etdi. Oltin kompaniyasi 140 mlrd so‘m bilan segment yetakchisi bo‘ldi, biroq uning ulushi bozorning atigi 14%ini tashkil etadi — qolgani 89 ta tashkilot o‘rtasida taqsimlangan.
Markaziy bank, shuningdek, mikroqarzlarning biroz qisqarganini qayd etdi — birinchi chorakda ularning umumiy hajmi 26,6 trln so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilga nisbatan 3% ga kamaydi. Shu bilan birga, mikrokreditlar 2,8 barobarga oshib, 9 trln so‘mdan oshdi.
Mikromoliyaviy xizmatlar uchun hamon Toshkent shahri aholisi eng ko‘p murojaat qilmoqda. Birinchi chorakda poytaxtda ularning hajmi 20,6 trln so‘mni tashkil etdi, biroq yillik o‘sish atigi 1%ni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinni 2,4 trln so‘m (+21%) bilan Farg‘ona viloyati, uchinchi o‘rinni 1,5 trln so‘m (+46%) bilan Toshkent viloyati egalladi. Mikromoliyalashga talab Andijon viloyatida (+90%, 1,3 trln so‘mgacha), Sirdaryo viloyatida (+86%, 0,5 trln so‘mgacha) va Samarqand viloyatida (+66%, 1,4 trln so‘mgacha) eng tez o‘sib bormoqda.
Avvalroq Spot Markaziy bank tomonidan aprelda ikkita bank jarimaga tortilgani, yana ikkita mikromoliya tashkilotiga nisbatan ham jarima sanksiyalari qo‘llanilgani haqida yozgandi.