Tailand fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAAT) samolyotlar bortidagi pauerbanklarga oid qoidalarni yangiladi, deb yozadi Bangkok Post.
Endi ular faqat qo‘l yukida bo‘lishi kerak, ularni bagajga joylash mumkin emas, shuningdek, qurilmalarning sig‘imi 100 Vt·soatdan oshmasligi kerak.
160 Vt·soatgacha bo‘lgan pauerbankni olib o‘tish uchun aviakompaniyadan ruxsat olish talab etiladi.

Har bir yo‘lovchi o‘zi bilan ko‘pi bilan ikkita batareya olishi mumkin. Shu bilan birga, parvoz paytida telefon yoki boshqa elektron qurilmalarni quvvatlash uchun pauerbanklardan foydalanish taqiqlanadi. Akkumulyatorlarning o‘zini ham zaryadlash mumkin emas.
Bundan tashqari, batareyalarni yuqori yuk javonlariga joylash taqiqlandi — ular “oson yetib bo‘ladigan” joylarda, masalan, o‘rindiqlar ostidagi bo‘shliqda yoki o‘rindiq cho‘ntagida bo‘lishi kerak.
Regulyator bortdagi pauerbanklar yonishi bilan bog‘liq bir qator hodisalardan so‘ng qoidalarni kuchaytirdi, deb ta’kidlaydi nashr.
2026-yil aprel oyida Yaponiyada samolyotlarda batareyalardan foydalanish taqiqlandi. Qoidalarni buzgan shaxslarga avval ogohlantirish beriladi, so‘ng jarima solinishi mumkin. The Japan Times ma’lumotlariga ko‘ra, jarima miqdori 1 million iyenagacha bo‘lishi mumkin.
2025-yil avgustida Emirates aviakompaniyasi ham samolyot bortida pauerbanklardan foydalanishni taqiqlagandi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar uni o‘zi bilan olishlari mumkin, biroq faqat bitta va butun parvoz davomida qurilma o‘chirilgan holda bo‘lishi shart.
Uni faqat oldindagi o‘rindiq cho‘ntagiga yoki o‘rindiq ostidagi sumkaga joylashtirishga ruxsat beriladi. Yuqoridagi bagaj javonida pauerbankni saqlash mumkin emas.
Shunga o‘xshash qoidalar Turkiyaning Pegasus va Turkish Airlines kabi aviakompaniyalari tomonidan ham joriy etilgan. Janubiy Koreyaning Air Busan aviakompaniyasi ham yuqoridagi bagaj javonlarida pauerbanklarni tashishni taqiqlagan.
Avvalroq Spot powerbanklar dunyo bo‘ylab 30% ga qimmatlashishi kutilayotgani haqida yozgandi.