Soliq qo‘mitasi soliq keshbekini to‘lash kechikishining sabablarini tushuntirdi. Bu haqda 8-iyun kuni blogerlik faoliyatining soliq ma’muriyatchiligiga bag‘ishlangan onlayn muloqot doirasida so‘z yuritildi.
Qo‘mita Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyotni monitoring qilish boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Alisher Otajonov nega skanerlangan fiskal cheklar bo‘yicha keshbek hisoblanmayapti, degan savolga javob berar ekan, soliq to‘lovchilarga 1198 qisqa raqamiga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Murojaat qilingandan so‘ng, soliq organlari mutaxassislari chek holatini tekshirishlari va keshbek to‘lovining kechikish sababini aniqlashlari mumkin.
“Keshbek to‘lanmasligining sabablaridan biri siz xarid qilgan va to‘lovni amalga oshirgan yuridik shaxs hali soliq hisobotini taqdim etmaganligi bo‘lishi mumkin. Ikkinchi ehtimoliy sabab — bu yuridik shaxsning soliq organlari oldida to‘lanmagan qarzdorligi mavjudligidir. Aynan shunday holatlarda fuqarolarga pul mablag‘larini o‘tkazish kechikishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyotni monitoring qilish boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Ahmedjonova.
2025-yilda o‘zbekistonliklarga 1,5 trln so‘mlik soliq keshbeki to‘landi: yil davomida to‘lovlar hajmi 43,9% ga, berilgan cheklar soni esa 56,7% ga oshdi. Shu bilan birga, bitta chekning o‘rtacha summasi 100 ming so‘mdan pastga tushdi.
Joriy yilning 4 oyida 8 mlndan ortiq iste’molchiga 848,4 mln fiskal chek bo‘yicha 571,3 mlrd so‘m keshbek to‘landi. Hududlar orasida keshbek to‘lovlari bo‘yicha Toshkent shahri (176,1 mlrd so‘m), Farg‘ona (80,8 mlrd so‘m) va Toshkent (63,9 mlrd so‘m) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
So‘nggi paytlarda soliq keshbeki orqali mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari ko‘paymoqda. Jumladan, Andijon viloyatida mart-aprel oylari uchun 1,1 trln so‘mlik tovarlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilib, 35 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyatida ham yuz berib, u yerda 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilingan. Sxema doirasida jami 211,5 ming kishi Soliq mobil ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘mlik keshbek hisoblanishini rasmiylashtirgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.