Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi kichik korxonalarni moliyalashtirishni kengaytirish uchun Highland Central Asia Fund II fondiga $10 mlngacha mablag‘ ajratadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, chakana savdo, logistika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk va mehmonxona biznesidagi 10−15 ta korxonani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Highland Central Asia Fund II O‘zbekiston va Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan yagona institutsional to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondidir.

Jamg‘armaning vazifasi kompaniyalarga ularning unumdorligi va raqobatbardoshligini oshirishda yordam berishdir. Uning maqsadli hajmi $75 mlnni tashkil etadi.

Highland Capital hammuassisi Eldan Usubakunovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bozoriga kirish tashkilot uchun Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash va mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi muhim bosqich bo‘ldi.

Korporatsiyaning aksiyadorlik investitsiyalari va venchur kapitali bo‘yicha global direktori Farid Fezua ushbu loyiha tadbirkorlikni kreditlash sohasidagi taqchillikni kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Moliyaviy ishtirokdan tashqari, korporatsiya Highland Capital’ga aktivlarni samarali boshqarish, portfel kompaniyalari qiymatini oshirish va loyihalardan chiqish strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi.

IFC (Xalqaro moliya korporatsiyasi) — Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi rivojlanayotgan bozorga ega mamlakatlarda xususiy sektor bilan ishlashga ixtisoslashgan eng yirik global rivojlanish institutidir.


Avvalroq Spot Yaponiya O‘zbekistonga energiya samaradorligini oshirish uchun $230 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.