Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati rahbari Almambet Shikmamatov mamlakatda TikTok’ni blokdan chiqarish tarafdori ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u 17-iyun kuni jurnalistlar va blogerlar bilan kreativ industriya vakillarini soliqlardan ozod qilishni nazarda tutuvchi soliq islohoti muhokamasidan so‘ng aytib o‘tdi.
Uning fikricha, zamonaviy raqamli platformalar nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki iqtisodiy imkoniyatlar manbai ham hisoblanadi.
Shu sababli davlat mahalliy kontent yaratuvchilarga TikTok va boshqa platformalarda qonuniy daromad topish uchun sharoit yaratishi kerak.
Shikmamatovning ta’kidlashicha, bugungi kunda ko‘plab qirg‘izistonliklar TikTok’dan VPN xizmatlari orqali foydalanishda davom etmoqda.
Shu bois platformani to‘liq bloklash kutilgan natijani bermayapti. Aksincha, bu holat mahalliy blogerlar, videokontent yaratuvchilar va kichik biznes vakillarining auditoriya va daromad imkoniyatlarini cheklamoqda.
Uning fikricha, davlatning asosiy vazifasi platformani taqiqlash emas, balki bolalar va yoshlarni zararli kontentdan himoya qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.
Shikmamatov TikTok orqali mahalliy mualliflar, tadbirkorlar va ijodkorlar o‘z mahsulotlari hamda xizmatlarini targ‘ib qilib, qo‘shimcha daromad topishi mumkinligini qayd etdi.
Qirg‘izistonda TikTok 2024-yilda bolalar salomatligi va ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bloklangan edi.
Biroq so‘nggi oylarda mamlakat rasmiylari va deputatlari orasida platformaga qo‘yilgan cheklovni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha fikrlar ko‘paymoqda.
Fevral oyida madaniyat vaziri o‘rinbosari Marat Tagaev ham TikTok blokirovkasini bekor qilishni taklif qilgandi.
Vazir o‘rinbosari fuqarolar baribir VPN orqali platformadan foydalanayotganini va taqiq raqamli tadbirkorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytgan edi.
Aprelda parlament deputati Mahabat Mavlyanova ham TikTok’ni ochishga chaqirib, platforma nafaqat ko‘ngilochar, balki ta’lim, biznes va axborot tarqatish vositasiga aylanganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi TikTok’ni blokdan chiqarish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligini, biroq buning uchun zararli va noqonuniy kontentni tezkor filtrlash imkonini beruvchi texnik hamda huquqiy mexanizmlar yaratilishi lozimligini bildirgan.
Hozircha platformani to‘liq qayta ishga tushirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani haqida ma’lumot yo‘q.
Avvalroq Yevrokomissiya TikTok qaramlikka olib kelishini rasman tan olgani haqida xabar berilgandi.
Ta’kidlanishicha, cheksiz skrolling, videolarning avtomatik ijrosi, bildirishnomalar va shaxsiy tavsiyalar bolalar va ayrim kattalarda qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin.