Gmail xatlarini avtomatik tarzda neyrotarmoqqa berishni boshladi, deya xabar berdi Android Authority nashri.

Nashrning ta’kidlashicha, endi Gemini yozishmalarni mustaqil tahlil qilib, sun’iy intellekt xulosalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri pochtaning o‘zida ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda Google ish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida Gemini funksiyalarini Workspace’ning ko‘plab ilovalariga joriy etib kelmoqda.

Dastlab bu imkoniyatlar matn yozishni yaxshilashga qaratilgan bo‘lsa, o‘tgan yili kompaniya pullik foydalanuvchilar uchun Gmail’da sun’iy intellekt yordamidagi xulosa funksiyasini ishga tushirdi va keyinchalik uni Google Drive papkalariga ham kengaytirdi.

2026-yil yanvarida Google AQSHdagi foydalanuvchilarga ushbu funksiyalardan shaxsiy Gmail akkauntlarida bepul foydalanish imkonini bergan edi. Endilikda esa bu sun’iy intellekt imkoniyatlari butun dunyo foydalanuvchilari uchun taqdim etildi.

Hindistonlik foydalanuvchi Tushar Mextaning ma’lum qilishicha, Google Gemini yordamida yaratilgan elektron pochta xulosalarini Gmail’ning bepul foydalanuvchilari uchun ham bosqichma-bosqich joriy etmoqda.

“Men Hindistonda yashayman va yaqinda bepul Gmail akkauntimda sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan alohida xatlar xulosalari paydo bo‘lganini payqadim. Biroq hozircha bu xulosalar faqat ayrim elektron pochta zanjirlari uchun ko‘rsatilmoqda”, — dedi u.

Buni Google’ning qo‘llab-quvvatlash sahifasiga yaqinda kiritgan o‘zgarishi ham tasdiqlaydi. Unda aytilishicha, “sun'iy intellekt yordamidagi suhbatlarning qisqa xulosalari” endi butun dunyo bo‘ylab pulli, bepul va Gmail akkauntlari uchun mavjud. Ular, shuningdek, Android, iOS qurilmalari va veb-versiyada ham taqdim etilgan.

Biroq hozirda ushbu funksiya faqat cheklangan tillarni, jumladan, ingliz, fransuz, nemis, italyan, yapon, koreys, portugal va ispan tillarini qo‘llab-quvvatlaydi.


Avvalroq Spot Gmail’da barcha keraksiz xatlarga obunani bekor qilish tugmasi qo‘shilgani haqida yozgandi.

U orqali foydalanuvchilar elektron pochta xabarlariga obunani bir marta bosish orqali bekor qilishlari mumkin.