TikTokdagi har o‘nta videoning deyarli oltitasi sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan — bu haqda The Next Web nashri xabar bergan Kapwing video tahrirlash platformasi tadqiqotida ma’lum bo‘ldi.

Kapwing jamoasi 20 ta ommabop yo‘nalishdagi 10 742 ta videoni hamda algoritm tomoshalar tarixiga ega bo‘lmagan yangi akkauntga ko‘rsatadigan dastlabki 500 ta videoni tahlil qildi.

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentning aniq ulushi 59% ni tashkil etdi. YouTube’da esa vaziyat ancha yaxshi: ayni kompaniyaning avvalgi tadqiqotiga ko‘ra, har beshinchi videorolik (21%i) sun’iy tarzda yaratilgani ma’lum bo‘lgan.

Ayniqsa, bolalar segmentidagi ahvol o‘ta keskin: #CartoonKids heshbegi ostidagi videolarning 100 tadan 97 tasi neyrotarmoq tomonidan yaratilgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, #cartoons va #babysong heshbeglarida bu ko‘rsatkich 83% ni, #forkids da esa 79% ni tashkil etadi.

Tadqiqotchilar haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda, zero tanlanmaga faqat sun’iy intellekt yordamida yaratilgani yaqqol ko‘rinib turgan videolar kiritilgan.

Kapwing tahlilchisining izohlashicha, muammo ko‘lamining bu qadar kattaligiga videoplatformalarning sifatga ziyon keltirgan holda kontent sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishi sabab bo‘lmoqda.

Bu esa o‘z navbatida, lentalarni avtomatik tarzda yaratilgan kontent bilan to‘ldirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri turtki beradi.

Ikkala servis ham algoritmga ko‘rishlar tarixi orqali bunday kontentni kamroq ko‘rsatishni “o‘rgatish” imkonini beradi, biroq yangi foydalanuvchi uchun sukut bo‘yicha holat aynan shunday ko‘rinadi.


Avvalroq Spot YouTube 2026-yilda SI yaratilgan sifatsiz kontent bilan kurashishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Videoxosting spam va klikbeyt bilan kurashadigan, shuningdek, past sifatli, takrorlanuvchi kontentni kamaytiradigan tizimlarni faol rivojlantirmoqda.