AQSH Moliya vazirligi Eron neftini qazib olish, yetkazib berish va sotishga ruxsat beruvchi 60 kunlik vaqtinchalik litsenziya berdi.

Bu haqda 22-iyun, dushanba kuni AQSH moliya vaziri Skott Bessent Vashington va Tehron vakillarining Shveysariyaning Burgenshtok shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida ma’lum qildi.

Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) hujjatiga ko‘ra, litsenziya 2026-yil 21-avgustgacha amal qiladi.

U Eron nefti, neft-kimyo mahsulotlari va neft mahsulotlarini, agar bunday operatsiyalar ularni sotish, yetkazib berish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarga import qilishga ruxsat beradi.

Qayd etilishicha, ruxsatnoma AQSH sanksiyalari ostidagi kemalar ishtirokidagi operatsiyalarga tatbiq etiladi.

Eron nefti va neft mahsulotlarini sotib olish uchun to‘lovlar AQSH dollarida, shu jumladan Eron, mamlakat hukumati yoki sanksiyalar ostidagi boshqa shaxslar foydasiga amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, litsenziya Shimoliy Koreya, Kuba va Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlaridan kelgan shaxslar ishtirokidagi operatsiyalarga tatbiq etilmaydi, shuningdek, boshqa amaldagi cheklovlarni bekor qilmaydi.


Avvalroq Spot Tramp Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklamoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Vashington Eron bilan kelishuv va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi ortidan Rossiya neftiga sanksiyalarni qayta tiklashi mumkin.