Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, banklar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlari yoki omonatlari ochilgani, yopilgani hamda rekvizitlari o‘zgargani haqida ma’lumotlarni soliq organlariga uch kun ichida elektron shaklda yuboradi.

Soliq qo‘mitasiga naqd pul va terminal orqali hisobvaraqlarga tushgan mablag‘lar, qonunchilikka ko‘ra undiruv qo‘llanmaydigan maxsus hisobvaraqlar bo‘yicha qoldiq va aylanmalarga oid ma’lumotlarni yuborish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, banklar yuridik hamda jismoniy shaxslarning yirik miqdordagi operatsiyalariga oid qaysi ma’lumotlarini yuborishi mumkinligi ko‘rsatildi. Xususan ma’lumotlar quyidagilar bo‘yicha taqdim etilishi kerak:

  • yuridik shaxslarning operatsiyalari bo‘yicha operatsion kun davomida BHMning 1000 baravaridan (412 mln so‘m) oshgan;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarning BHMning 500 baravaridan oshgan (206 mln so‘m) miqdordagi operatsiyalari;
  • mijozlarning BHMning 500 baravaridan oshgan miqdordagi olgan naqd pullari.

Bundan budjetga to‘lovlar, valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq operatsiyalar, ayrim maxsus hisobvaraqlardagi operatsiyalar hamda budjet tashkilotlarining ish haqi to‘lovlari mustasno bo‘ladi.

Hujjatga ko‘ra, yirik miqdordagi operatsiyalar yuzasidan soliq organlariga operatsiya sanasi, turi, to‘lovchi va oluvchining F.I.Sh., STIR yoki JSHSHIRi, hisobvaraqlari, bank rekvizitlari, o‘tkazilgan summa hamda to‘lov maqsadi haqidagi ma’lumotlar taqdim etilishi zarur.

Jismoniy shaxslar bo‘yicha esa bir oy davomida boshqa fuqarolardan (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) bank kartalariga tushgan mablag‘lar jami BHMning 500 baravaridan oshganda ma’lumot yuborilishi rejalashtirilmoqda. Bunda karta egasining F.I.Sh., JSHSHIRi, kartaga kelib tushgan umumiy summa hamda mablag‘ yuborgan kartalar yoki elektron hamyonlar haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga taqdim etilishi mumkin.

Soliq organlari banklarga axborot tizimi orqali so‘rov yuborishi mumkin bo‘ladi. Banklar esa bunday so‘rov olinganidan keyin uch kun ichida mijoz hisobvaraqlari va operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Loyihada ta’kidlanishicha, banklardan olingan barcha ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi. Ulardan faqat soliq solish masalalarida foydalanish mumkin bo‘lib, uchinchi shaxslarga oshkor etish yoki boshqa maqsadlarda ishlatish taqiqlanadi.

Shuningdek, hujjat bilan Soliq qo‘mitasi, Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida ma’lumot almashish uchun maxsus “Bank-soliq” axborot tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu tizim orqali axborotlar avtomatik ravishda uzatiladi va qayd etib boriladi.

Bundan tashqari, loyiha bilan banklar fuqarolarning xorijdagi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarga qilgan to‘lovlari haqida ham soliq organlariga ma’lumot taqdim etadi.

Ushbu ma’lumotlar har oy yakunidan keyingi oyning 10-sanasigacha yuboriladi. Hujjatda qayd etilishicha, taqdim etiladigan axborotlarda fuqarolarning shaxsiga oid ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi.

Ma’lumotlar O‘zbekiston hududi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladigan xorijiy yuridik shaxslarga amalga oshirilgan to‘lovlarni qamrab oladi. Jumladan:

  • to‘lov amalga oshirilgan sana;
  • tranzaksiya raqami;
  • mablag‘ni qabul qilgan xorijiy kompaniya nomi;
  • valyuta turi;
  • to‘lov miqdori (AQSH dollarida);
  • davlat nomi;
  • xalqaro to‘lov tizimi (Visa, Mastercard, SWIFT, UnionPay va boshqalar);
  • karta chiqarilgan hudud.

Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan. Fikr-mulohazalar 8-iyulga qadar qabul qilinadi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasining qaror loyihasi haqidagi rasmiy izohini bergan edi. Idoraga ko‘ra, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi va fuqarolarning hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.