Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P-o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.

Qo‘mita loyiha ayrim nashrlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini qayd etib, uning huquqiy asosi va amaliy ahamiyati yuzasidan tushuntirish berdi.

Idoraga ko‘ra, loyiha asosan jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinishi hujjatning asl mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.

Loyiha qonunchilik doirasida banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashinuvining yagona qoidalari — soliq nazorati uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilashga qaratilgan.

Qo‘mita ta’kidlashicha, loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi hamda fuqarolar yoki tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Banklar ma’lumotlarni faqat tegishli tartibda taqdim etishga haqli.

Idora “Bank siri to‘g‘risida"gi qonun bilan mijozning soliq solish masalalari bo‘yicha bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq xizmatiga taqdim etilishi mumkinligini eslatdi. Soliq organlari olgan ma’lumotlar esa soliq siri hisoblanadi va ularni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga berish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.

Qo‘mita bunday axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda, jumladan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida ham qo‘llanilishini qayd etdi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan, bu esa mazkur sohada aniq va shaffof qoidalar mavjud bo‘lishini taqozo etadi", deyiladi xabarda.

Hujjat hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, barcha taklif va mulohazalar ko‘rib chiqilishi bildirildi.

Avvalroq Spot top-6 bloger budjetga qariyb 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani haqida yozgan edi.