Google SI’ni o‘qitish uchun qidiruvda ishlatilgan surat va ovozlarni yig‘a boshladi. Bu haqda 9to5google nashri xabar berdi.

Kompaniya foydalanuvchilarining qidiruv uchun yuklaydigan rasmlari va audioyozuvlarini saqlash hamda ulardan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda foydalanish imkoniyatini kengaytirdi.

Endi Google Lens orqali qidirilgan suratlar, Circle to Search funksiyasida ishlatilgan skrinshotlar, ovozli qidiruvlar, Google Translate’ga aytilgan iboralar va boshqa qidiruv xizmatlariga yuklangan ayrim mediafayllar Search Services History bo‘limida saqlanishi mumkin.

Kompaniya bu ma’lumotlardan qidiruv tizimi, tasvirlarni aniqlash, ovozni tanish va AI modellarining aniqligini oshirish uchun foydalanishini ma’lum qilgan.

Google’ning ta’kidlashicha, SI’ni o‘qitishda ishlatiladigan ma’lumotlar keyinchalik foydalanuvchi akkauntidan ajratiladi, biroq ayrim hollarda ular kompaniya serverlarida bir necha yilgacha saqlanishi mumkin.

Yangi siyosat maxfiylik masalalari bo‘yicha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar ko‘plab foydalanuvchilar qidiruv uchun yuborgan rasmlari yoki audioyozuvlari SI treningida qo‘llanilayotganidan bexabar bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ayniqsa, hujjatlar, shaxsiy suratlar yoki ovoz yozuvlari kabi sezgir ma’lumotlar bilan ishlaydigan foydalanuvchilar ehtiyotkor bo‘lishga chaqirilmoqda.

Ushbu funksiyani o‘chirishni istaganlar Google My Activity sahifasidagi Search Services History bo‘limiga kirib, mediafayllarni saqlashga ruxsat beruvchi “Save media” parametrini o‘chirishi mumkin.

Shuningdek, avval saqlangan rasmlar va audioyozuvlarni ham qo‘lda o‘chirib tashlash imkoniyati mavjud.

Google bu funksiya foydalanuvchilarga ko‘proq nazorat berishini aytmoqda, biroq maxfiylik himoyachilari bunday ma’lumotlarni yig‘ish sukut bo‘yicha emas, faqat foydalanuvchi rozilik berganidan keyin yoqilishi kerakligini ta’kidlashmoqda.


Avvalroq Spot musiqachilar Google’ni YouTube’dagi qo‘shiqlari orqali SI’ni o‘qitgani uchun sudga bergani haida yozgandi.

Mustaqil ijodkorlar kompaniyani ularning treklaridan Lyria musiqiy neyron tarmog‘ini ruxsatsiz o‘rgatish uchun foydalanganlikda ayblamoqda.