Musiqachilar Google’ni YouTube’dagi qo‘shiqlari yordamida sun’iy intellektni o‘qitgani uchun sudga berdi. Bu haqd The Verge nashri xabar berdi.

Mustaqil ijodkorlar kompaniyani ularning treklaridan Lyria musiqiy neyron tarmog‘ini ruxsatsiz o‘rgatish uchun foydalanganlikda ayblamoqda.

YouTubeda o‘z asarlarini joylashtiradigan bir guruh mustaqil musiqachilar Google kompaniyasiga qarshi sudga da’vo arizasi kiritdi.

Nashrning xabar berishicha, mualliflar kompaniyani matn so‘roviga ko‘ra treklar yaratishi mumkin bo‘lgan Lyria 3 sun’iy intellekt generativ modelini o‘rgatish uchun ularning musiqasidan ruxsatsiz foydalanganlikda ayblamoqda. Bunga javoban Google sudga da’voni rad etish to‘g‘risida ariza yubordi.

Google himoyasi ikki dalilga tayanadi. Birinchidan, kompaniyaning ta’kidlashicha, ayblovlar tasdiqlanmagan taxminlarga asoslangan.

Ikkinchidan, va bu eng muhimi, kompaniya YouTube foydalanuvchi kelishuviga ishora qilmoqda: platformaga videolar yuklar ekan, mualliflar unga avtomatik tarzda keng litsenziya, jumladan, kontentni takrorlash, tarqatish va uning asosida yangi asarlar yaratish huquqini taqdim etadi.

Kompaniya mantig‘iga ko‘ra, muayyan kompozitsiyalardan foydalanilgani fakti tasdiqlangan taqdirda ham, bu harakatlar mualliflar tomonidan allaqachon berilgan huquqlar doirasiga sig‘adi.

Google avval ham YouTube kontentidan sun’iy intellektni o‘qitish uchun foydalanishini inkor etmagan. 2024-yilda platforma bosh direktori Nil Moxan Bloomberg nashriga videolarning bir qismi Gemini kabi modellarni o‘qitishga sarflanishini tasdiqlagan.

Keyinroq Google videoxosting bazasi Veo videogeneratorini o‘qitishda ham qo‘llanganini tan olgan edi. Biroq kompaniya hozirgacha aynan Lyria musiqiy modeli yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo‘q.

Ekspertlar Lyria bo‘yicha ochiq bayonotlar berilmayotganini ehtiyotkorona huquqiy strategiya sifatida baholamoqda: da’vo ko‘rib chiqilguniga qadar aybni tan olish kompaniya uchun noqulay pretsedent yaratishi va uning obro‘siga putur yetkazishi mumkin.

Bu nizo ijodiy sanoat va sun’iy intellekt dasturchilari o‘rtasidagi kengroq ziddiyatga borib taqaladi — neyron tarmoqlarni mualliflarning roziligisiz va ularga haq to‘lamasdan, birovning asarlari asosida o‘rgatish mumkinmi, degan masala haligacha huquqiy yechimini topmagan.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Google’ga rekord darajadagi jarima tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, bunga kompaniya qidiruv natijalarida o‘zining shaxsiy xizmatlarini ilgari surayotgani sabab bo‘lgan.