Qozog‘istonda quvvati 1 GVt bo‘lgan sun’iy intellekt texnoparki qurilishi mumkin, deya xabar berdi PRNewsWire nashri.

Sun’iy intellekt uchun hisoblash infratuzilmasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi SuperX AI Technology Limited rahbariyati 23-iyun kuni Dalyanda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi yozgi Davos anjumani doirasida Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov bilan uchrashdi.

Tomonlar SuperX tomonidan taklif etilgan quvvati 1 gigavatt bo‘lgan sun’iy intellekt hisoblash parkini bosqichma-bosqich qurish loyihasini muhokama qildi.

Kompaniya ushbu loyihani Markaziy Osiyoning raqamli infratuzilma bozoriga kirish uchun istiqbolli boshlang‘ich nuqta sifatida ko‘rmoqda.

Qozog‘iston 2026-yilni raqamlashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish yili deb e’lon qildi. Mamlakat IT va sun’iy intellekt sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirib, Markaziy Osiyoning yirik raqamli markaziga aylanishni maqsad qilgan.

Buning uchun Qozog‘iston o‘zining hisoblash quvvatlarini oshirmoqda va chet el texnologiyalariga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda zamonaviy ma’lumotlar markazlari va kuchli serverlar yetishmagani sababli, davlat xorijiy investorlar va hamkorlarni jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Uchrashuv davomida SuperX kompaniyasi uch yilga mo‘ljallangan bosqichma-bosqich investitsiya va qurilish rejasiga qiziqish bildirdi.

Rejaga ko‘ra, 2027-yilda 200 megavatt, 2028-yilda yana 300 megavatt, 2029-yilda esa qo‘shimcha 500 megavatt quvvatga ega hisoblash markazlari ishga tushiriladi. Natijada umumiy quvvati 1 gigavatt bo‘lgan sun’iy intellekt hisoblash markazi barpo etiladi.

Loyiha Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi xalqaro hisoblash xabi sifatida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Tomonlar yer ajratish, elektr ta’minoti, soliq siyosati va mutaxassislar tayyorlash masalalarini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishni ham muhokama qildi. Qozog‘iston SuperX vakillarini loyiha uchun mos hududlarni o‘rganishga taklif etdi.


Avvalroq yaqin oylarda SI asosidagi yangi avlod xakerlari paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya razvedka xizmatlarini birlashtirgan Five Eyes alyansi shunday bayonot berdi.