Swatch soat ishlab chiqaruvchisi Samsungni o‘zining virtual siferblatlari dizaynini o‘g‘irlaganlikda ayblab, undan $170 mln talab qilmoqda. Sud mojarosi haqida Financial Times nashri xabar bermoqda.

Nizo hozirda Londondagi sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Swatch vakillari Janubiy Koreya gigantini ularning noyob dizaynini noqonuniy ravishda “o‘zlashtirganlikda” ayblamoqda.

Da’vogarning ta’kidlashicha, Samsung aqlli soatlari uchun virtual soat yuzlarining 26 ta varianti boshqalarning tashqi ko‘rinishiga taqlid qilgan. Ular mashhur Omega, Tissot va Breguet modellarining firma uslubiga aniq taqlid qilishdi.

2015-yildan 2019-yilgacha Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilari ushbu ekranlarni taxminan 160 ming marta yuklab olishgan. Shu sababli Shveysariya kompaniyasi yetkazilgan zararni $170 mlnga baholadi.

Samsung yuristlari da’voga mutlaqo qo‘shilmaydi va bunday talablarni “haddan tashqari” deb ataydi. Ularning ta’kidlashicha, mualliflik huquqini buzadigan deyarli barcha soat yuzlari bepul edi.

Ularning yuklanmalaridan tushgan umumiy daromad $1000 dan sal ko‘proqni tashkil etdi. Ushbu summadan Samsung kompaniyasining o‘zi atigi $300 ga yaqin mablag‘ olgan.

Javobgar, shuningdek, Swatch dizaynlari hech qachon ularning marketingida qo‘llanilmaganligini qo‘shimcha qildi. Samsung muammodan xabar topishi bilanoq, yuqorida tilga olingan soat yuzlari darhol olib tashlandi.

Qayd etilishicha, moliyaviy kompensatsiyaning yakuniy miqdorini London sudi hali aniqlashi kerak.


Avvalroq Dua Lipa Samsung kompaniyasini televizor sotish uchun uning tasviridan noqonuniy foydalanganlikda ayblagandi.

Xonanda o‘zining suratini texnika qutilariga joylashtirish uchun $15 mln talab qilgan.