Avvalroq O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari e‘lon qilingani haqida xabar berilgandi.
Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev Spot muxbiriga bergan intervyusida ro‘yxatga olish qiymatini ma‘lum qildi va raqamli texnologiyalardan foydalanilmaganida xarajatlar qanday o‘zgarishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.
Bir kishiga to‘g‘ri kelgan xarajat $0,12 ni, ro‘yxatga olishning umumiy qiymati esa qariyb $4,7 mlnni (taxminan 56 mlrd so‘m) tashkil etdi. Barcha xarajatlar davlat budjetidan qoplandi — bu summaga xalqaro tashkilotlarning grantlari va xayriya yordami kiritilmagan. Xayriya yordami doirasida, xususan, kompyuterlar va planshetlar ajratilgan.
“Bu summaning 90−95%i — ‘mahalla yettiligi‘ning ish haqi”, — deya aniqlik kiritdi u hamda yakuniy xarajatlar miqdori juda past deb hisoblanishini qo‘shimcha qildi.
Milliy statistika qo‘mitasi rahbari agar ro‘yxatga olish aholining qariyb 82% ini qamrab olgan onlayn formatsiz o‘tkazilganida, xarajatlar kamida o‘n baravar oshib, bir kishiga to‘g‘ri keladigan summa $1 dan oshib ketishini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holda “mahalla yettiligi"ga ancha katta yuklama tushar, ularning o‘ziga ancha ko‘p haq to‘lash kerak bo‘lar, shuningdek, qo‘shimcha transport xarajatlari yuzaga kelishi mumkin edi. “Juda ko‘p xarajatlar paydo bo‘lardi”, — deya izohladi u.
To‘plangan ma‘lumotlardan kelgusida foydalanish haqida gapirar ekan, Hamroyev ro‘yxatga olish natijalari Milliy statistika qo‘mitasi veb-saytida bosqichma-bosqich va ochiq holda e‘lon qilinadigan katta ma‘lumotlar bazasini tashkil etishini ta‘kidladi — undan tadqiqotchilar va dasturiy ta‘minot ishlab chiquvchilari erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi.
“Chunki ro‘yxatga olish — bu ikki tomonlama teskari aloqa. Bir tomondan, ma‘lumotlar taqdim etiladi, lekin shaxsiy ma‘lumotlar oshkor etilmaydi. Shaxsga doir ma‘lumotlar xavfsizligi ta‘minlanadi”, — deya ta‘kidladi u hamda faqat umumlashtirilgan, shaxsi noma‘lum qilingan ma‘lumotlar e‘lon qilinishiga aniqlik kiritdi.
Aholini ro‘yxatga olish 15-yanvardan 28-fevralgacha ikki bosqichda o‘tkazildi. 15-yanvardan 31-yanvargacha davom etgan birinchi bosqich doirasida fuqarolar census.stat.uz maxsus axborot tizimi orqali ro‘yxatga olishda ishtirok etishi mumkin bo‘ldi. Ikkinchi bosqichda — 4-fevraldan 28-fevralgacha — “mahalla yettiligi” xodimlari uyma-uy yurib, planshetlar yordamida anketalarni to‘ldirdi.
Spot, avvalroq, aholi ishonchini yo‘qotgan profilaktika inspektorlari attestatsiyadan o‘tkazilishi haqida yozgandi.