Xalqaro reyting agentligi Moody’s Ratings (Moody's) “Kapitalbank"ning milliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli depozitlar reytingini B1 darajasidan Ba3 darajasiga oshirdi. Reyting bo‘yicha prognoz “Barqaror” deb belgilandi.
Moody’s agentligi “Kapitalbank"ning bazaviy kredit bahosini (Baseline Credit Assessment, BCA) va moslashtirilgan bazaviy kredit bahosini (Adjusted BCA) Ba3 darajasiga ko‘tardi: avvalgi ko‘rsatkich b1 darajasida bo‘lgan. Agentlikning ushbu qarori bankning moliyaviy barqarorligining mustahkamlangani, kapital sifati yaxshilangani hamda risklarni boshqarish tizimi samaradorligi oshganining natijasidir.
Reytinglarning oshirilishi Moody’s tomonidan O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi Ba3 darajasidan Ba2 darajasiga ko‘tarilgani, shuningdek, mamlakatning makroiqtisodiy profili Weak- darajasidan Weak darajasiga yaxshilangani bilan bog‘liq. Agentlikka ko‘ra, bank faoliyatini tartibga solishning takomillashuvi va mamlakatda barqaror makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning uyg‘unligi bank sektorini kelgusida yanada rivojlantirish uchun qulay muhit yaratmoqda.
Moody’s prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning 6,0−6,3% darajasida barqaror o‘sishi kutilayotgani hamda yangilangan makroiqtisodiy sharoit Kapitalbank biznesining kelgusi rivojiga xizmat qiladi. Bunda agentlik bank kredit portfelining yuqori sifati va risklarni boshqarishga nisbatan muvozanatli yondashuvi saqlab qolinishini qayd etmoqda.
Bankning Ba3 darajasidagi reytingi uning barqaror moliyaviy va operatsion natijalari bilan tasdiqlanadi. Moody’s o‘z hisobotida “Kapitalbank"ning quyidagi ko‘rsatkichlarini alohida qayd etadi:
- Yuqori operatsion samaradorlik. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, moddiy aktivlar rentabelligi (Return on Tangible Assets, RoTA) 3,4% ni tashkil etdi, bu esa bankning barqaror daromadga ega ekanligini ifodalaydi.
- Kapital pozitsiyasining mustahkamlanishi. Bazaviy kapital koeffitsiyentining risk darajasidagi aktivlarga nisbati (TCE/RWA) 2025-yil oxiriga kelib 14,3% ga o‘sdi, bu bir yil avvalgi 12,0% dan ko‘p bo‘lib, bankning potentsial yo‘qotishlarni qoplash salohiyati mustahkamlanganidan dalolat beradi.
- Barqaror resurs bazasi. “Kapitalbank” yuqori likvidlik ko‘rsatkichlarini hamda chakana depozitlarga tayanuvchi moliyalashtirish manbalarining diversifikatsiya qilingan tuzilmasini saqlab qolmoqda.
Ba3 darajasidagi depozit reytingi “Kapitalbank"ning bozordagi kuchli mavqeini va O‘zbekistonning tizimli ahamiyatga ega banklari ro‘yxatiga kirishini ifodalaydi. Bank mamlakat chakana depozitlar bozorida yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda.
“Moody's xalqaro agentligi tomonidan O‘zbekistonning suveren reytingi va uning ortidan “Kapitalbank” reytingining oshirilishi mamlakat moliya tizimining barqaror rivojlanayotganini tasdiqlovchi muhim voqea. Bu biz uchun barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirish, kapital pozitsiyasini mustahkamlash va risklarni boshqarish tizimini takomillashtirishning natijasidir. Bizning biznes modelimiz bugungi kunda yuqori operatsion samaradorlikni moliyaviy barqarorlik hamda risklarni mas’uliyat bilan boshqarish bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirish mumkinligini namoyish etmoqda. Biz xalqaro investorlar, biznes hamda O‘zbekiston bo‘ylab millionlab mijozlar uchun “Kapitalbank"ning mamlakatdagi eng yirik xususiy bank va ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashda davom etamiz”, — deya ta’kidladi Kapitalbank ATB Boshqaruvi raisi Kirill Mayevskiy.
Moody’s’ning reyting prognozi “Kapitalbank"ning asosiy moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlari kelgusi 12−18 oy davomida barqaror bo‘lib qolishi haqidagi taxminlarini aks ettiradi. Agentlik, shuningdek, kapital holatining yanada mustahkamlanishi, kredit portfelining diversifikatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi yaxshilanishi bankning xalqaro reytinglarni yanada oshirish uchun omil bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.
Reklama huquqlari asosida.