Pensiya jamg‘armasi fermerlardagi ijtimoiy soliq qarzdorligining asosiy sabablarini aniqladi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.
3−4 iyul kunlari jamg‘arma xodimlari hududlarda ijtimoiy soliq bo‘yicha qarzdorligi mavjud 622 ta korxona va fermer xo‘jaligi faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Natijada qarzdorlik har doim ham to‘lov intizomi bilan bog‘liq emasligi aniqlandi.
Xususan, agrar sohada mavsumiy tushumlar, korxonalarning likvidlik muammolari, kredit va lizing yuki, debitor qarzdorlik, MIB hamda inkasso jarayonlari, shuningdek hisobot va texnik xatolar ijtimoiy soliq qarzi yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, fermer xo‘jaliklarida ijtimoiy soliq har oy hisoblanadi, biroq asosiy daromad g‘alla, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotilgandan keyin tushadi. Bu esa ayrim hollarda vaqtinchalik moliyaviy uzilishlarga olib kelmoqda.
Shuningdek, ayrim to‘lovlarning noto‘g‘ri soliq turi yoki hududiy soliq organiga o‘tkazilishi bilan bog‘liq texnik holatlar ham aniqlangan.
Pensiya jamg‘armasi o‘rganish yakunlari asosida har bir qarzdorlik holati alohida tahlil qilinib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar belgilanishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda soliq keshbekidan voz kechish, o‘rniga lotereyalar chiqarish taklif etilgani haqida yozgan edi.