Qozog‘iston hukumati neft mahsulotlarini mamlakatdan noqonuniy olib chiqishga qarshi nazoratni kuchaytirdi. Bu haqda Tengrinews Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxon Tutqishbayevga tayanib xabar berdi.

8-iyul kuni hukumat brifingida u benzinning “kulrang” eksportiga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekiston va Rossiyani ham o‘z ichiga olgan qo‘shni davlatlardan kelayotgan yengil va yuk avtomobillarining Qozog‘iston hududiga kirishi sutkasiga bir martadan oshmasligi bo‘yicha cheklov joriy etilgan.

“Hozirda amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, chegaradosh davlatlardan kelayotgan yuk va yengil transport vositalari Qozog‘iston hududiga kuniga bir martadan ko‘p kira olmaydi”, — dedi Tutqishbayev.

Bundan tashqari, yoqilg‘ini noqonuniy ravishda chetga olib chiqishda foydalaniladigan qo‘shimcha yonilg‘i baklari o‘rnatilgan avtomobillarni aniqlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda Ichki ishlar vazirligi, bojxona organlari, chegara xizmati hamda Moliyaviy monitoring agentligi ishtirok etmoqda.

Qozog‘iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi (tarkibiga bojxona ham kiradi) neft mahsulotlari harakatini nazorat qilish kuchaytirilganini ma’lum qildi. Tekshiruvlar chegara o‘tkazish punktlari bilan bir qatorda chegaraoldi hududlaridagi avtomobil yo‘llarini ham qamrab olmoqda.

Kuchaytirilgan nazorat boshlanganidan buyon yoqilg‘i-moylash materiallarini noqonuniy olib chiqishga oid 392 ta holat aniqlanib, jami 16 ming litrdan ortiq yoqilg‘i noqonuniy olib chiqilishining oldi olingan.

Davlat daromadlari qo‘mitasining mobil guruhlari 122 ta avtosisternani tekshirgan. Ayrim hollarda ekspertiza uchun yoqilg‘i namunalari ham olingan. Shu bilan birga, hukumat ichki yoqilg‘i bozoridagi vaziyatni kuzatmoqda, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi savdo hajmlari hamda kichik neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatini tahlil qilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita chegara punktiga xalqaro maqom berilgani haqida yozgan edi.