Bugungi kunda IT sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda va O‘zbekiston ushbu salohiyatdan faol foydalanmoqda. “O‘zbekiston Respublikasining 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi” hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyalariga muvofiq, O‘zbekistonni mintaqaviy IT habga aylantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va axborot xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi tashabbusi bilan Cyber Park innovatsion IT klasteri tashkil etilgan.
Cyber Park bu nima?
Cyber Park — bu dasturiy-apparat majmualari yaratish, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, IT konsalting, ma’lumotlarni qayta ishlash, kompyuter uskunalari ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqotlar, IT ta’limi va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 145 dan ortiq rezident kompaniyalarni birlashtirgan texnologik klasterdir.
Rezident bo‘lishning asosiy sharti — ushbu yo‘nalishlardan olinadigan daromadlar kompaniya umumiy daromadining kamida 50% ni tashkil etishi lozim.
Klaster quyidagi to‘rtta asosiy vazifani amalga oshiradi:
- ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini (ITTKI) rivojlantirish;
- ilg‘or maxsus texnik vositalar va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish hamda tatbiq etish;
- muhim axborot infratuzilmasi obyektlari va xususiy sektor axborot aktivlarini himoya qilish uchun axborot xavfsizligi vositalarini yaratish va ishlab chiqarish;
- IT va kiberxavfsizlik sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash.
Nima uchun Cyber Park rezidenti bo‘lish kerak?
Soliq va bojxona imtiyozlari. O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-sonli “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida nazarda tutilgan imtiyozlar Cyber Park rezidentlariga tatbiq etiladi.
Rezidentlar 2028-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlar (shu jumladan ijtimoiy soliq) va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi. Bu esa kompaniyalarga xarajatlarni optimallashtirish, yangi mutaxassislarni jalb qilish, mahsulot va xizmatlarini takomillashtirish, biznesni kengaytirish hamda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shuningdek, kiberxavfsizlik sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Cyber Park rezidentlari uchun umumiy daromad tarkibida xizmatlar eksporti bo‘yicha majburiy talab mavjud emas.
Dasturiy-apparat majmualari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar esa o‘z ehtiyojlari uchun mamlakatga olib kiriladigan butlovchi qismlar bo‘yicha bojxona imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega.
Ekotizimga investitsiyalar. Rezidentlar daromadidan ajratiladigan mablag‘larning 50% igacha bo‘lgan qismi klaster ichidagi startaplar va ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu esa texnologik rivojlanishning uzluksiz siklini yaratadi: rezidentlar qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lsa, butun ekotizim shunchalik kuchli bo‘ladi.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha bepul ekspertiza. Rezidentlar o‘z dasturiy mahsulotlarining dastlabki kodini kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi bo‘yicha bepul auditdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu ayniqsa korporativ va davlat buyurtmachilari bilan ishlaydigan kompaniyalar uchun muhim raqobat ustunligini yaratadi.
Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi. Cyber Park laboratoriyalari mudofaa, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli idoralar uchun maxsus texnologik ishlanmalarni yaratadi. Alohida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardan biri — uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA). Laboratoriya mutaxassislari individual texnik topshiriqlar asosida dronlarni loyihalashtiradi va ishlab chiqaradi.
Ta’lim: Cyber Science rivojlanish markazi
Cyber Park huzurida IT sohasiga kirishni istagan bolalar va yoshlar uchun Cyber Science o‘quv markazi faoliyat yuritadi.
Ta’lim dasturlari quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- kiberxavfsizlik;
- robototexnika;
- sun’iy intellekt;
- 3D modellashtirish;
- mobil ilovalarni ishlab chiqish (Android va iOS);
- frontend va backend dasturlash;
- o‘yinlar yaratish;
- aviamodelsozlik;
- kvadrokopterlarni modellashtirish.
Kimlar Cyber Park rezidenti bo‘lishi mumkin?
Cyber Park rezidenti maqomini O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va Cyber Park rezidentlariga qo‘yilgan mezon hamda talablarga javob beradigan yuridik shaxslar olishlari mumkin.
Buning uchun tegishli ariza topshirish va Cyber Park rasmiy veb-saytida joylashtirilgan “Kibernetikadagi innovatsiyalar IT-parki rezidenti maqomiga qo‘shilish shartnomasi” shartlarini qabul qilish talab etiladi.
Bugungi kunda 145 dan ortiq kompaniya Cyber Park ekotizimida faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri imtiyozlardan foydalanish, istiqbolli ilmiy va tajriba-konstruktorlik loyihalarida ishtirok etish hamda professional hamjamiyatning bir qismiga aylanish imkoniyatiga ega.
Rezidentlik, hamkorlik va qo‘shimcha ma’lumot olish masalalari bo‘yicha quyidagi aloqa raqamlariga murojaat qilish mumkin:
Telefonlar: (+998) 55−506−00−99, (+998) 77−379−38−02.
E-mail: info@cyberpark.uz
Sayt: cyberpark.uz
Telegram bot: cpark.uz/cpr
Reklama huquqlari asosida.