O‘zbekistonda anomal issiq kuchayishi munosabati bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga mehnat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilishni eslatdi.

Qayd etilishicha, jazirama sharoitida ochiq havoda ishlayotgan xodimlarda issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi.

Shu munosabat bilan ish beruvchilar:

  • soat 11:00—16:00 oralig‘ida ish vaqtini moslashtirishi, tashqi ishlarni qisqartirishi yoki vaqtincha to‘xtatishi;
  • kunning eng issiq paytlarida og‘ir jismoniy ishlarni cheklashi yoki to‘xtatishi;
  • xodimlarni yetarli miqdorda toza va salqin ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlashi;
  • tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga qo‘ymasligi;
  • soyali va salqin dam olish joylarini tashkil etishi hamda muntazam dam olish imkonini yaratishi;
  • xodimlarni yengil, havo o‘tkazuvchi va issiqlikdan himoya qiluvchi maxsus kiyim hamda shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashi;
  • issiq urishi va suvsizlanishning oldini olish hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish;
  • sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarni zudlik bilan salqin joyga olib borib, birinchi yordam ko‘rsatishi va zarur hollarda shifokor chaqirishi shart.

Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ushbu talablarni bajarishga chaqirib, xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish qonunchilikda belgilangan majburiyat ekanini eslatdi.

Anomal issiq sabab O‘zbekistonning bir qator hududlaridagi ayrim bog‘chalar vaqtincha yopildi. Bundan tashqari, Surxondaryo va Qashqadaryoda og‘ir yuk avtomobillari harakatiga ham cheklovlar o‘rnatildi.